Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida matematika bo‘yicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro olimpiadani o‘tkazish to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi, deya xabar qildi Adliya vazirligi «Huquqiy axborot» Telegram-kanalida.

Qarorga muvofiq Fan va texnologiyalar bo‘yicha Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda har ikki yilda bir marta matematika bo‘yicha Xalqaro olimpiada tashkil etiladi.

Shu munosabat bilan qarorga muvofiq Xalqaro olimpiadani o‘tkazish bo‘yicha nizom va tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlandi. Tashkiliy qo‘mitaga Bosh vazir o‘rinbosari A. Abduxakimov raislik qiladi.

Birinchi Olimpiada 2018 yil oktyabr oyining uchinchi o‘n kunligida Urganch shahrida tashkil etiladi.

Olimpiada g‘oliblariga (O‘zbekiston fuqarolari) matematika, fizika, axborot texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha magistratura bosqichiga kvotadan tashqari davlat granti asosida kirish huquqi beriladi. Mazkur huquq bakalavr bosqichini bitirgandan keyin 3 yil mobaynida saqlab qolinadi.