O‘zbekiston prezidentining 20 avgustdagi qarori bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida tugatilayotgan Davlat mehnat huquq inspeksiyasi va Mehnatni muhofaza qilish va mehnat sharoitlari ekspertizasi bo‘yicha davlat inspeksiyalari negizida yagona Davlat mehnat inspeksiyasi tashkil etildi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Yangi inspeksiyani tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad — rasmiy bandlik sektori ulushini oshirish, majburiy mehnatga qarshi kurashish, ish joylarida mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi me’yorlariga rioya etilishini ta’minlash hamda ishlab chiqarishda baxtsiz hodisalar sonini kamaytirishdan iborat.

Inspeksiya maxsus organlar bilan kelishmagan holda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari asosida xususiy va davlat tashkilotlarida rejalashtirilmagan qisqa muddatli tekshiruvlarni o‘tkazishi mumkin. Ular davomiyligi bir kundan oshmasligi kerak.

Mazkur tekshiruvlarda inspeksiya xodimlarining korxonaning tekshiruv predmeti bilan aloqador bo‘lmagan moliyaviy-xo‘jalik va boshqa faoliyatiga aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari, shuningdek soliq organlarining yozma murojaatlari asosida quyidagi tekshiruvlar amalga oshirilishi mumkin:

  • ish beruvchi va xodimlar o‘rtasida mehnat shartnomalarining mavjud emasligi (noqonuniy ishga olish va konvertda maosh to‘lash);
  • ish joylarida mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalarining buzilishi;
  • ish beruvchi tomonidan majburiy mehnatga jalb qilish (xodimlarni jamoat va qurilish ishlariga jalb qilish);
  • mehnat qonunchiligining buzilishi (noqonuniy ishdan bo‘shatish, oylik maoshlarni to‘lamaslik).
  • Korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Mehnat vazirligi tomonidan tekshiruvlarni qayd etish va ularga yo‘llanma berish elektron tizimi ishlab chiqilib, alohida ishonch raqami ajratiladi.

Sinov tariqasida Toshkentning Yashnobod tumanida ishsiz fuqarolarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha «Ishga marhamat» monomarkazi ochilmoqda. U ishga joylashish, kasbga o‘qitish, band bo‘lmagan aholini ijtimoiy himoya qilish, shuningdek xorijga vaqtincha ishlash uchun otlanayotgan fuqarolarni ketishdan oldin moslashtirish kabi vazifalarni bajaradi.

Qarorda qayd etilishicha, so‘nggi uch yil ichida ishlab chiqarishda 1214 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lib, ularning 241 tasi o‘lim bilan yakun topgan. 21 mingdan ortiq fuqarolar mehnat huquqlarining buzilishi va majburiy mehnatga jalb qilish bilan bog‘liq shikoyatlar bilan murojaat qilgan.