2018 yil 25 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va xalq deputatlari Mirzo Ulug‘bek tuman Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda senatorlar, deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, mahalla raislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev olib bordi.

Ta’kidlanganidek, 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosi doirasida barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari zimmasiga Mirzo Ulug‘bek tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qator muhim vazifalar yuklatilgan.

Qo‘shma majlisda mas’ul vazirlik va idoralar hamda Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimliklari rahbarlarining prezident tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan chora-tadbirlar haqidagi axborotlari eshitildi, shuningdek tumanda sog‘lom ovqatlanishni tashkil qilish va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning ahvoli to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining joriy yil 15 avgustdagi «Toshkent shahrida investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha eksperimentni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoniga muvofiq Hukumat, vazirliklar, idoralar va shahar hokimligi zimmasiga poytaxtning investitsiyalar jalb etuvchanligini oshirish bo‘yicha qator muhim vazifalar yuklatildi. O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga Toshkent shahar va tumanlar xalq deputatlari Kengashlariga Toshkent shahri va tumanlari ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan samarali deputatlik nazoratini tashkil etish va amalga oshirish masalasida ko‘maklashish topshirildi.

So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, tumanda 4 ta sektor kesimida Respublika ishchi guruhi tomonidan tumanning 54 ta mahallasida uyma-uy yurish hamda ijtimoiy va boshqa soha ob’ektlarini o‘rganish natijalari asosida aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha «Yo‘l xarita"si ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda. Ular bandlikni ta’minlash va yangi ish o‘rinlari yaratish, sog‘liqni saqlash, uy-joy kommunal xizmatlar ko‘rsatish, elektr tarmoqlari, obodonlashtirish va yo‘llarni ta’mirlash, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, manzilli moddiy yordam ko‘rsatish kabi sohalarga taalluqlidir.

Mirzo Ulug‘bek tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan 15 korxona tomonidan 2018 yilda 124,6 mln.dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilishi nazarda tutilgan bo‘lib, shundan 57,6 mln.dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari hisoblanadi. 2018 yil 20 avgust holatiga ko‘ra, o‘zlashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 56,8 mln.dollarni tashkil qiladi. Jalb etilayotgan investitsiyalar asosan Buyuk Britaniya (63,4 mln.dollar), Xitoy (2,2 mln.dollar), Turkiya (41,4 mln.dollar) davlatlariga to‘g‘ri keladi.

Xususan, tumanda amalga oshirilayotgan «AKFA FOOD LINE» «Qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarish» loyihasining umumiy qiymati 62,0 mln. dollarni tashkil etadi. Bugungi kunga qadar 36,6 mln. dollar miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirilib, keltirilgan asbob-uskunalarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Vakillik organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va tatbiq etilayotgan «Obod mahalla» dasturi doirasidagi vazifalarning tumanda ijro etilishini ta’minlash, mahalla rolini yanada oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, qo‘shma majlisda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solishning deputatlar va keng jamoatchilik tomonidan nazorat qilinishi masalasi muhokama qilindi.

So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarida bunday tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyalar tuzishga oid qabul qilingan qarorning mazmun-mohiyati, tumanda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, namunali oilaviy tadbirlar o‘tkazilishini tashkil etish, milliy qadriyatlarga zid marosimlarga, nomaqbul odatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan mahallalarda targ‘ibot tadbirlarini olib borish haqida fikr yuritdilar.

Majlis yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va xalq deputatlari Mirzo Ulug‘bek tuman Kengashining tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosini parlament, deputatlar va jamoatchilik tomonidan nazorat qilish choralari to‘g‘risida qo‘shma qarori qabul qilindi.