DXX Chegara qo‘shinlari va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi 2021 yil 1 yanvardan boshlab kamida 24 soatga ketuvchi/keluvchi xorijiy fuqarolar va hamyurtlarimiz soni haqidagi statistik ma’lumotlarni taqdim etadi. Bu haqda Norma.uz xabar qildi.

Xabarda qayd etilishicha, O‘zbekistonning tashqi sektori statistikasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga tegishli qo‘shimchalar kiritildi.

Ma’lumotlar bir oyda keluvchilar/ketuvchilar umumiy soni haqidagi axborotga qo‘shimcha ravishda tuziladi. Quyidagilar hisobga olinadi:

  • safardan maqsad: xizmat, o‘qish, ish, turistik, qarindoshlarnikiga borish, davolanish, doimiy yashash uchun, tijorat, tranzit, boshqalar;
  • fuqarolar va xorijiy fuqarolarning jinsi va yoshi tavsifi;
  • chegarani kesib o‘tish usuli (aeroport, temir yo‘l, avtotransport), shu jumladan qayerdan kesib o‘tganligi: Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston yoki Qirg‘iziston bilan chegara orqali.

Shunga asosan solishtirma dinamikada turistik xizmatlar (safar) eksporti va importi ko‘rsatkichlari shakllantirilishini ta’minlash vazifasi topshirildi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 25.08.2018 yildan kuchga kirdi.