O‘zbekistonning birinchi raketkasi Denis Istomin Indoneziyadagi Osiyo o‘yinlari finalida xitoylik raqibini mag‘lubiyatga uchratdi va oltin medal sohibiga aylandi.

Ushbu muvaffaqiyat tennischiga nafaqat Osiyo o‘yinlari g‘olibligi unvonini, balki 2020 yili Yaponiya poytaxti Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari litsenziyasini ham taqdim etdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston sport delegatsiyasi 16 yil ichida ilk marotaba tennis bo‘yicha Osiyo o‘yinlarida oltin medalga ega chiqdi. Bungacha 2002 yili Pusan mezbonlik qilgan Osiyo Olimpiadasida Iroda To‘laganova oltin medalga sazovor bo‘lgandi.

Shuningdek, Denis Istomin mamlakatga Tokio 2020 uchun ilk litsenziyani ham olib berdi. Demak, tennischi o‘zbekistonlik sportchilar ichida birinchi bo‘lib Yaponiya poytaxtida bo‘lib o‘tadigan Olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.