O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonning Turkmanboshi shahrida bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlar rahbarlari majlisida Orol fojiasi oqibatlarini yengib o‘tishda Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro hamkorligi bo‘yicha beshta taklifni ilgari surdi. Davlat rahbarining majlisdagi nutqi O‘zA tomonidan e’lon qilindi.

Shavkat Mirziyoyev Orolbo‘yi hududini Ekologik innovatsiya va texnologiyalar zonasi, deb e’lon qilish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etdi.

Bu tashabbus ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun sharoit yaratish; «yashil iqtisodiyot», ekologik toza, energiya va suv tejaydigan texnologiyalar tamoyillarini kompleks tatbiq etish; cho‘llanish va ekologik migratsiyaning davom etishiga barham berish; ekoturizmni rivojlantirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirishga yordam beradi.

O‘zbekiston prezidenti tashabbuslarni har tomonlama muhokama qilish maqsadida kelgusi yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Global ekologik fond ko‘magida maxsus konferensiya tashkil etilishini taklif qildi.

Mazkur xalqaro tashkilotlar bilan Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasini tashkil etishning amaliy masalalari bo‘yicha muzokaralar olib borish masalasini Jamg‘arma boshqaruviga topshirish mumkin. Bu jarayonda dunyodagi ekologik noqulay mintaqalarda bunday loyihalarni amalga oshirish borasidagi tajribalarni inobatga olgan holda, innovatsion loyihalarning yagona ro‘yxatini shakllantirish va ularni birgalikda tayyorlash; bunday maqsadlar uchun uzoq muddatli imtiyozli kredit va grantlar ajratish maqsadga muvofiqdir.

Bundan tashqari, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi huzurida yuqorida qayd etilgan xalqaro institutlarning vakolatxonalarini ochish taklif qilindi.

«Qum ko‘chkilarini mustahkamlash, Orolning qurigan qismidan havoga zaharli aerozol changlari ko‘tarilishini kamaytirish masalalari bizning e’tiborimiz markazida bo‘lishi zarur», — dedi O‘zbekiston prezidenti.

Shu maqsadda cho‘l sharoitiga chidamli va ozuqa o‘simliklari ko‘chatlarini yetishtirish bo‘yicha Mintaqaviy markaz tashkil qilish taklifi bildirildi.

«Bizning olimlarimiz bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 10−12 yil davomida dengizning qurigan qismini daraxtzor va butazorlarga aylantirishimiz mumkin, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Bundan tashqari, yangi unumdor yaylovlar yaratishga qurbimiz yetadi, bu chorvachilikni izchil rivojlantirish va o‘n minglab odamlarni ish bilan ta’minlash imkonini beradi. Mintaqaviy markaz esa ehtiyoj katta bo‘lgan mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha o‘ziga xos noyob ilmiy-ta’lim bazasiga aylanadi».

Mintaqamizning noyob hayvonot dunyosini saqlash uchun Orolbo‘yi zonasida muhofaza qilinadigan transchegaraviy tabiiy hududlar tashkil etish taklif qilindi.

«Yo‘qolib borayotgan hayvonlar, jumladan, qoplon, qulon, sayg‘oq va boshqa noyob jonivorlarni saqlab qolish uchun qo‘limizdan keladigan barcha ishlarni o‘zaro kelishib amalga oshirishimiz nihoyatda muhim ahamiyatga ega», — dedi davlat rahbari.

U suvni tejash, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish va ulardan oqilona foydalanish masalalaridagi mintaqaviy hamkorlik darajasini keskin oshirish lozimligini ta’kidlab o‘tdi.

«Biz Orol dengizi hududidagi suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha o‘zaro maqbul hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga va O‘zbekistonda ushbu masalaga bag‘ishlangan mintaqaviy konferensiya ўтказishга tayyormiz, — dedi prezident. — O‘ylaymizki, Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha mintaqaviy dastur qabul qilinishi mazkur konferensiyaning eng muhim natijasi bo‘ladi».

«Bugungi kunda ilmiy kooperatsiyani samarali rivojlantirmasdan oldimizda turgan muammolar yechimini ta’minlashning iloji yo‘q, — deya ishonch bildirdi Shavkat Mirziyoyev. — Shu munosabat bilan birgalikdagi fanlararo tadqiqotlarni tashkil etish muhim ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz. Jumladan, Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xo‘jaligi komissiyasi va Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasining ilmiy-axborot markazlari negizida bunday tadqiqotlar olib borish mumkin».

Prezident ilgari surilgan tashabbuslar asosida «yo‘l xaritasi» ishlab chiqish va uning ijrosini amaliy jihatdan nazoratga olishni Jamg‘arma boshqaruviga topshirish mumkinligini talif qildi.

«Xalqlarimizning tabiatga uning boyliklarini asrab-avaylagan holda munosabatda bo‘lish va umumiy suv resurslaridan birgalikda foydalanish borasidagi ko‘p asrlik an’analariga suyangan holda biz haqiqatdan ham ulkan natijalarga erishamiz, deb ishonaman», — deya xulosa yasadi davlat rahbari.

Prezident matbuot xizmatining avvalroq xabar qilishicha, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan takliflar va loyihalar ishtirokchi davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.