Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining pedagogik mutaxassisliklari bo‘yicha namunaviy yillik ish rejasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Unga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim muassasasining pedagog xodimlari uchun bir stavka miqdoridagi ish yuklamasi quyidagicha belgilandi:

  • 1−4-sinflarda — haftasiga 18 soat;
  • 5−11-sinflarda — haftasiga 20 soat.

Ish reja ikki yo‘nalishdagi tadbirlar majmuasidan iborat:

  • o‘quv-tarbiya jarayoniga oid;
  • o‘quv-tarbiya jarayonining metodik ta’minoti va tashkiliy-pedagogik jarayonga oid.

Yo‘riqnomada keltirib o‘tilganidek, o‘quv-tarbiya jarayonining metodik ta’minoti va tashkiliy-pedagogik jarayonga oid yillik ish rejada belgilangan tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan pedagog xodimlardan hisobot talab qilinmaydi.

Shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchilarining dars va to‘garak mashg‘ulotlarini tashkil etish hamda sinf jurnalini yuritishdan tashqari boshqa pedagogik yuklamalar bo‘yicha hisobotlar va qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilish qat’iyan taqiqlanadi.