22 avgustdagi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzurida Fransuz madaniyati markazi tashkil etiladi. U Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani Istiqlol ko‘chasi 47- uy manzilida joylashadi.

Avvalroq bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Parijda Fransuz alyansining Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha mintaqaviy direktori Mikael Fuente bilan uchrashuvda shu haqdagi muzokaralar olib borilgan edi.

Tomonlar O‘zbekiston OTMlarida fransuz tili kafedralarini ochish, ixtisoslashgan maktablar sonini va fransuz tili o‘quv soatlarini oshirish hamda ta’lim muassasalari uchun o‘quv materiallarini ishlab chiqish masalalarini ham muhokama qildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi Fransiyada Parij akademiyasi rektori Jile Peko bilan ta’lim sohasida hamkorlikni mustahkamlash va ikki davlat ta’lim vazirliklari o‘rtasida yangi kelishuv va dasturlarni imzolash masalalarida muzokaralar o‘tkazildi.

Tomonlar Toshkentda Fransiya universitetlaridan birining filialini ochish, O‘zbekistonda OTMlar rektorlarining birinchi sammitini o‘tkazish hamda o‘qituvchilar va talabalar almashish haqida ham kelishib oldi.