Davlat xaridlarini o‘tkazish bo‘yicha xizmatlarniko‘rsatish huquqiga ega bo‘lgan ixtisoslashgan tashkilotlar to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi (ro‘yxat raqami 3057, 20.08.2018 y.). Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Ixtisoslashgan tashkilot — belgilangan talablarga muvofiq keladigan, davlat buyurtmachilariga davlat xaridini o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha pullik xizmatlar ko‘rsatadigan yuridik shaxs.

Masalan, u tovar (ish, xizmat)larning boshlang‘ich narxini belgilaydi, marketing va boshqa tadqiqotlarni o‘tkazadi, reklama ishlarini tashkil etadi, xabarnomalarni, e’lon matnlarini va xarid hujjatlarini, shartnomalar loyihalarini rasmiylashtirish bilan shug‘ullanadi, xarid tartib-taomilini tashkil etishda ishtirok etadi va h.k. Ixtisoslashgan tashkilot o‘zi tashkilotchi bo‘lgan xarid qilish tartib-taomili ishtirokchisi sifatida ishtirok eta olmaydi.

Ixtisoslashgan tashkilotlarni tanlash davlat buyurtmachisi tomonidan alohida ro‘yxatda mavjud bo‘lgan ixtisoslashgan tashkilotlar orasidan tanlov asosida amalga oshiriladi. U LBMA saytida e’lon qilinadi va har oyda yangilanadi.

Bu ro‘yxatga kirish uchun ixtisoslashgan tashkilot quyidagi talablarga muvofiq kelishi kerak:

O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan yuridik shaxs bo‘lishi;

Ta’sischilar orasida davlat xaridi sub’ekti: davlat buyurtmachisi, xarid tartib-taomili ishtirokchisi, davlat xaridlarining ijrochisi, xarid komissiyasi, maxsus axborot portali operatori yoki ekspert bo‘lmasligi;

ta’sischilar jumlasida offshor hududda ro‘yxatdan o‘tkazilgan kompaniyalarning mavjud emasligi;

shtatida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha amaliy tajribaga ega bo‘lgan bir nafardan kam bo‘lmagan xodimga ega bo‘lishi;

maxsus axborot portaliga ulanish imkonini ta’minlovchi dasturiy texnik qurilmaga ega bo‘lishi.

Sanab o‘tilgan mezonlarga muvofiq keladigan tashkilot ro‘yxatga kiritish to‘g‘risidagi ariza (tasdiqlangan shakl bo‘yicha) bilan LBMAga murojaat qilishi mumkin. Murojaat 5 kalendar kuni davomida ko‘rib chiqiladi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2018 yil 20 avgustdan kuchga kirdi.