O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari akademiyasining Telegramdagi @Qurolli_Kuchlar_Akademiyasi_bot nomli rasmiy botini ishga tushgan bo‘lib, fuqarolar o‘zining murojaatlarini ushbu manzilga yuborishi mumkin. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari akademiyasi akademiya-mudofaa.uz manzili bo‘yicha rasmiy saytini ishga tushirdi.

Veb-sayt Qurolli kuchlar akademiyasi faoliyati ochiqligini ta’minlab, ta’lim muassasa hayotiga bog‘liq tadbirlar va hodisalarni tezkorlik bilan yoritish, shuningdek, jamoatchilik bilan aloqalarni yaxshilashga xizmat qiladi.

Saytda akademiya rahbariyati, uning tuzilmasi va tarixi haqidagi axborotlar, bo‘sh ish o‘rinlari, harbiy-ilmiy ishlar haqida batafsil ma’lumotlar bilan tanishish mumkin.

Ayni vaqtda mazkur sayt sinov rejimida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Qurolli kuchlar akademiyasiga ekskursiya uyushtirishni istagan o‘quvchi yoshlar guruhlari uchun ham yangi imkoniyat paydo bo‘ldi. Endi tashrif buyuruvchilarning arizalari Telegram kanali hamda saytdagi elektron manzillar orqali qabul qilinadi.

Ta’kidlash joizki, o‘tgan yillar davomida eng yopiq deb hisoblanib kelgan Mudofaa vazirligi 2017yilda mudofaa.uz rasmiy veb-saytini, 2018 yilda esa «Telegram"da https://t.me/mudofaa_press kanali hamda ommabop ijtimoiy tarmoq hisoblangan Feysbukda «Mudofaa_Press» rasmiy sahifasini ishga tushirdi.