O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tergov hibsxonalarining ichki tartib qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi buyruq Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, deya xabar qilindi Adliya vazirligining Telegram-kanalida.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq endilikda advokatning himoya ostidagi shaxs bilan audio va video kuzatuv qurilmalari bo‘lmagan maxsus xonada hamda begona shaxslarning ishtirokisiz o‘z vaqtida va hech qanday to‘siqlarsiz uchrashishi ta’minlanadi, bunda advokat va himoya ostidagi shaxsning suhbatini uchinchi shaxslar eshitishini istisno etgan holda ularni vizual ko‘rib turish imkoniyati saqlab qolinadi.

Shuningdek, advokatning himoya ostidagi shaxs bilan uchrashish jarayonida elektron vositalardan (mobil telefon, fotoapparat va diktofon) foydalanish imkoniyati yaratiladi. Bunda advokat tomonidan elektron vositalardan ma’lumotlarni qayd etish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.