O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov joriy yilning 24 avgust kuni Qirg‘izistonning Cho‘pon-ota shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar adliya vazirlarining oltinchi majlisida ishtirok etdi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Majlis Qirg‘iziston Respublikasi adliya vaziri vazifasini bajaruvchi Maksatbek Yesenaliyev raisligida bo‘lib o‘tdi.

Majlis ishida, shuningdek, Hindiston Respublikasi huquq va adliya vaziri o‘rinbosari S.Chandra, Qozog‘iston adliya vaziri M.Beketayev, Xitoy Xalq Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosari Yuan Shuxung, Pokiston Islom Respublikasining Qozog‘istondagi elchisi Imtiyaz Ahmad Kazi, Rossiya adliya vaziri A. Konovalov va Tojikiston adliya vaziri R.Shohmurod ham qatnashdi.

Tadbirda kuzatuvchilar sifatida Afg‘oniston adliya vaziri Abdul Basir Anvar, Belarus adliya vaziri O.Slijevskiy, Eron adliya vaziri S.Avayi, Mo‘g‘uliston adliya va ichki ishlar vaziriN.Send qatnashdi.

Majlisda R.Davletov 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan va qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash hamda fuqarolar huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarga bag‘ishlangan ma’ruza bilan chiqish qildi.

O‘z ma’ruzasida adliya vaziri yaqinda qabul qilingan prezident farmoni asosida O‘zbekiston Adliya vazirligi faoliyati tubdan isloh qilinayotgani, unda davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda alohida o‘rin berilgani haqida ma’lumot berdi.

Xususan, u adliya tarixida ilk bor tuman (shahar) bo‘linmalari, Davlat xizmatlari agentligi va uning joylardagi tarkibiy bo‘linmalari hamda Adliya vazirligi huzurida Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tashkil etilganini qayd etdi.

U notariat, advokatura va FHDYO organlari sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan notarial harakatlarni «yagona darcha» tamoyili asosida tasdiqlashni ko‘zda tutuvchi faol notariatning yangi modeli, fuqarolik holati dalolatnomalarini raqamlashtirish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgani, jamiyatda advokatlar mavqeini oshirish, advokatlik litsenziyasini olmasdan turib konsalting xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyati paydo bo‘lganini alohida ta’kidladi.

Adliya vazirliklarini xalqaro xavfsizlikning zamonaviy tahdidlariga qarshi kurashdagi roli haqida so‘zlar ekan, u insonlar, xususan, yoshlar ongi uchun kurashni muhim vazifa sifatida qayd etdi va fuqarolarimizda ekstremistik faoliyat g‘oyasiga qarshi samarali immunitetni shakllantirish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish orqali barchani ularning asoratlari bilan emas, balki sabablari bilan kurashishga urg‘u berishga chorladi.

Majlis yakunlari bo‘yicha adliya vazirlari tomonidan SHHTning 2025 yilgacha rivojlanish Strategiyasiga muvofiq adliya vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishni ko‘zda tutuvchi Qo‘shma bayonot imzolandi.