O‘rganishlar mobaynida Respublika bo‘yicha 823489 nafar ishsiz yoshlar aniqlanib, ularning 574032 nafari bandlik masalasida murojaat qilgan. 400867 nafari tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun kredit so‘ragan bo‘lsa, 67459 nafar yosh o‘z biznes loyihalarini yo‘lga qo‘yish uchun joy masalasida yuzlangan. Bu haqda «Yoshlar — kelajagimiz» jamg‘armasi ijrochi direktori Bunyodbek Bahrombekov Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Ishsiz yoshlarning 209544 nafari kasb-hunar o‘rganish, bepul kurslarda o‘qish istagini bildirdi. Mavjud muammolarning ijobiy hal etilishida ichki imkoniyatlardan kelib chiqqan holda Toshkent viloyati Quyichirchiq tumani va Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi tajribalarga tayanildi.

Jumladan, tadbirkorlik sohasiga kirb kelayotgan 13261 nafar yoshlar mazkur soha bilan yaqindan tanishtirilib, biznes-rejalar tuzib berildi. 27381 nafari ish bilan ta’minlandi. 6893 nafar yoshlar kasb-hunar o‘rganmoqda.

53975 nafar voyaga yetmaganlar va yoshlar turli yo‘nalishdagi to‘garaklarga jalb etildi. Shuningdek, 3696 nafar yoshlar tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bundan tashqari, 146 nafar yoshlarga faoliyat ko‘rsatish uchun bino bilan ta’minlanib, 3032 nafari kasanachilikka jalb etildi.

Shuningdek, «Yoshlar — kelajagimiz» jamg‘armasi va «Xalq» banki, «Ipak yo‘li» banki, «Milliy» banki hamda «Hamkorbank» aksiyadorlik tijorat banki o‘rtasida bosh kelishuv imzolandi.