2018 yil 24 avgust kuni Turkmanboshi shahrida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston davlat rahbarini Turkmanistonga tashrifi bilan qutlab, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining ta’sischi mamlakatlari sammiti ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama hamkorlikni muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyat ekanini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonning Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raisligini yuqori baholab, O‘zbekiston bilan Turkmanistonning bu boradagi loyihalari va tashabbuslari bir-birini to‘ldirishini qayd etdi.

Uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Turkmaniston prezidentining joriy yil aprel oyidagi O‘zbekistonga davlat tashrifi ko‘p qirrali aloqalarga yangi sur’at baxsh etib, uni amaliy mazmun bilan boyitgani ta’kidlandi.

Muloqotda avval erishilgan kelishuvlar ijrosiga e’tibor qaratildi. O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, sanoat, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.