Sog‘liqni saqlash vazirligini Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot vazirligi etib qayta tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot tizimlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni loyihasida so‘z boradi.

Vazirlik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilar bo‘lishi mumkin:

  • fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash, aholiga to‘liq va o‘z vaqtida tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish;
  • profilaktik tibbiyot ustuvorligini ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini joriy etish, aholining tibbiy madaniyati va savodxonligini oshirish, eng avvalo salomatligi uchun javobgarlik hissini tarbiyalash;
  • aholining reproduktiv salomatligi va onalar salomatligini muhofaza qilish, millat genofondini yaxshilash maqsadida sog‘lom avlod tug‘ilishi va uni tarbiyalash uchun qulay sharoitlarni yaratish, aholi hayoti davomiyligini va sifatini oshirish;
  • jamoat salomatligi va aholining sanitar-epidemiologik farovonligini rivojlantirish sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish;
  • aholiga ko‘rsatilayotgan dastlabki, tez, shoshilinch va ixtisoslashgan tibbiy yordamning hammabopligi va tezkorligi darajasini oshirish;
  • tibbiyot fanlarini rivojlantirish, ilmiy tibbiy islohotlar samaradorligini oshirish, ilm-fan, texnika va ilg‘or tajribalarini sog‘liqni saqlash amaliyotiga joriy etish, oliy va o‘rta maxsus tibbiy hamda farmatsevtik ta’limni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va prognozlash;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar, jumladan nogironligi bor bolalar, urush qatnashchilari, veteranlar, yolg‘iz keksalar va aholining boshqa zaif qatlamlariga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy yordamni tabaqalashtirish va manzilligini kuchaytirishga qaratilgan ijtimoiy siyosat mexanizmlarini takomillashtirish;
  • nogironlikdan ogohlantirish, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ularga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy yordam darajasi va sifatini oshirish bo‘yicha choralarni takomillashtirish;
  • keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiylashtirish, tibbiy, ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiya uslublarini joriy etish choralarini takomillashtirish;
  • ishlab chiqarilayotgan protez-ortopedik va texnik reabilitatsiya vositalari sifatini yaxshilash va assortimentini kengaytirish;
  • dori va dizenfiksion, sanitar-gigiyenik va parfyumer-kosmetik vositalar va tibbiy jihozlar, kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi va zaharli moddalar, narkotik, psixotrop vositalarni standartlashtirish va sertifikatlash, ularni ishlab chiqarish va ulardan foydalanish ustidan nazoratni ta’minlash va boshqalar.

Farmon bilan 2019−2029 yillarda Jamiyat sog‘lig‘ini saqlash va fuqarolar salomatligini muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash rejalashtirilmoqda. Hujjat muhokamasi 5 sentyabrga qadar davom etadi.