Turkmanboshi shahridagi «Avaza» sayyohlik zonasida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari majlisi boshlandi, deya xabar qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Avval tor doirada uchrashuv bo‘ldi. Unda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev, Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov ishtirok etdi.

Majlisda Orol muammosi, hududdagi ekologik holatni yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama etildi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston Orolbo‘yi hududida qator keng miqyosli loyihalarni amalga oshirdi. Orol dengizi qurigan 350 ming gektar maydonga saksovul va sho‘rga chidamli o‘simliklar ekilib, butazorlar barpo etildi. Bunday hududlarning umumiy maydoni qariyb 700 ming gektarga yetdi.

Orol halokati oqibatlarini yumshatish va Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish bo‘yicha 2013−2017 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi doirasida 500 dan ortiq loyiha amalga oshirildi. Ularning yarmidan ko‘pi milliy loyihalardir.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 18 yanvardagi qaroriga muvofiq 2017−2021 yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi qabul qilindi.

O‘zbekiston Moliya vazirligi huzurida Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish jamg‘armasi tuzildi va unga 200 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.

Bu mablag‘lar hisobidan aniq amaliy ishlar qilinmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisining suv ta’minoti, turmush sharoiti yaxshilanmoqda.

Uchrashuvda Orol muammosi oqibatlarini yushatish, suvni tejash va hududdagi ekologik holatni yaxshilash, Markaziy Osiyo mamlakatlarining bu boradagi sa’y-harakatlarini birlashtirish masalalari muhokama qilindi.