O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) sharhlovchi Sharofiddin To‘laganovning «Gazeta.uz» muallifi Nikita Makarenkoning «Ma’naviyat» Toshkentni barbod qiladimi" sarlavhali maqolasiga munosabat bildirdi. «Gazeta.uz» maqolani to‘liq e’lon qilmoqda.

Lof ham evi bilan-da, birodar!

Jahonning 10 ta mamlakatida, 21 ta shahrida bo‘lganman. Praga, Moskva, Nyu-York, Vashington, Sietl, Olmaota, Istanbul, Anqara, Pekin, Ashxobod, Boku, Tbilisi, Dushanbe… Bu ro‘yxatni davom ettirishim mumkin. Hammasi o‘ziga yarasha. Kuni kecha saytlardan birida Nikita Makarenkoning maqolasini o‘qib, yoqamni ushladim.

U yozadi: «Toshkent juda zerikarli shahar. Buni rad qilish imkonsiz. Ishonmasangiz, Sobiq Ittifoqning har qanday rivojlangan shahri bilan taqqoslab ko‘ring. Masalan, Olmaota yoki Boku. Shunda hammasi tushunarli bo‘ladi. U yerlarda odamlar kechalari ommaviy sayrga chiqadi, tungi hayot va birmuncha erkinlik bor».

Tavba deysiz. Agar bu fikrni xorij saytlaridan birida o‘qisangiz, «e, yozsa yozibdi-da, bizdagi hayotdan bexabar jurnalist», deyishingiz mumkin edi. Ammo Toshkentda turib, Toshkentning tungi hayoti bilan tanish insonning yozganini hazm qilish nihoyatda qiyin bo‘ldi. G‘irt yolg‘onku, bu gaplar!

Hurmatli Nikita Makarenko, siz bir marta bo‘lsa-da, Toshkentdagi dam olish xiyobonlariga borganmisiz o‘zi? Umuman, tungi Toshkentni ko‘rganmisiz? Favvoralar atrofida tun yarmigacha yurgan toshkentliklar va shahrimiz mehmonlari chehrasidagi quvonchga ko‘zingiz tushganmi?

O‘zim shahar chetida, to‘g‘rirog‘i, Ibn Sino mavzesida istiqomat qilaman. Yoz oylarida oilamiz a’zolari va qo‘shnilarim soat 24:00 gacha shaharda, mavzemizda bemalol sayr qilib yurishadi, parklarga borishadi.

(Maqolada Nikita Makarenko bir yil avval yozgan maqolasidagi fotosurat e’lon qilingan)

Toshkent qahvaxonalaridagi xo‘randalarga nima deysiz?! Siz tilga olgan shaharlarda bo‘lganman, ammo u yerlarda baribir Toshkent shukuhi yo‘q.

Siz «shaharning asosiy boyligi, bu — uning odamlari. Qolgan barchasi ikkinchi darajali. Bu juda oddiy haqiqat», deya to‘g‘ri fikrni bildirar ekansiz, ammo tezda ayniysiz va «biroq O‘zbekistonda hech kim bunga hech qachon e’tibor qaratmagan. Bu haqda hattoki gapirilmagan ham. Hech kim: „Ketmanglar, sizlar bu yerda keraksiz!“ demadi. Va yuz minglab odamlar shaharni tark etdi», deya yozasiz. Lof ham evi bilan-da, birodar. Shaharda barpo etilayotgan yangidan-yangi uylar, ish o‘rinlari, parklar, dam olish maskanlari mana shu odamlar uchun emasmi?! To‘g‘ri, xorijga ketayotganlar ham bor. Axir, bu tabiiy jarayonku. Masalan, dunyoning istalgan mamlakatida, shahrida bu jarayonga guvoh bo‘lishingiz mumkin. Eng qizig‘i, siz shahrimizdagi obodonlashtirish ishlarini ko‘rib, ko‘rmaganga olasiz. O‘zingiz aytganingizdek, «shaharni odamlar barpo etadi. Shaharlar ijodkor, ishtiyoqmand odamlar qo‘li bilan go‘zallashadi. Bu shunday noyob manbaki, uni sun’iy yo‘l bilan yaratish yoki to‘ldirish mumkin emas». Ammo siz bularni nima uchundir Toshkentda ko‘rgingiz kelmaydi. Hozirgi Toshkentni ko‘rib bahri dilingiz ochiladi. Vaqtingizni tungi Toshkentni, ayniqsa, Navoiy ko‘chasini aylanishga bir sarflab ko‘rmaysizmi?! O‘zbekistonning ulkan bayrog‘i o‘rnatilgan «Xalqlar Do‘stligi» maydoniga bir kelib ketmaysizmi? Axir bu maydon qisqa vaqt ichida shaharliklar faxriga aylanib ulgurdiku!

«Shaharlar nafaqat o‘z odamlarini ushlab qolish, balki yangilarini jalb etishga harakat qilmoqda. Buning uchun hokimiyat ko‘rkam ko‘chalar va istirohat bog‘lari qurmoqda, ko‘ngilochar tadbirlarga ruxsat berib, ularni o‘zi ham uyushtirmoqda, qulay va do‘stona muhit yaratmoqda. Shaharlar aholisi faqat pul topish emas, balki ularni o‘zlari istagandek sarflashni ham xohlaydi. Agar buni amalga oshirish imkonsiz bo‘lsa, ular ko‘chish haqida o‘ylashni boshlaydi», deya yozibsiz jahon shaharlarini nazarda tutib. Nima, siz bularni Toshkentda ko‘rmayapsizmi?

«Odamlar restoranlardan qanday chiqarib yuborilganini qizg‘in muhokama qilmoqda. Biroq hech kim hali 11 avgustdagi qaror natijasida ko‘rilayotgan iqtisodiy zararlar, obro‘ning tushishi haqida o‘ylayotgani yo‘q. Menga bu yo‘qotishlar juda kattadek tuyulmoqda», debsiz. «Sholining ichida kurmak ham bo‘ladi», deganlaridek, bir-ikki hodisani bo‘rttirib ko‘rsatish nima uchun kerak?

«Toshkent boshqa shaharlar bilan faqatgina ularning eng yaxshilariga o‘xshasagina yashab qolishi va raqobatli bo‘lishi mumkin va bu yerda eng asosiy masala — odamlar va ularning erkinligi», degan gaplaringizga aslo qo‘shilib bo‘lmaydi. Toshkent boshqa shaharlardan ustun bo‘lsa borki, aslo kam joyi yo‘q.

Siz maqolangizda «sun’iy ravishda ma’naviyatni yaratish"ga urg‘u berishga uringansiz. Afsuski, bu yerda siz juda katta xatoga yo‘l qo‘ygansiz. Hech kim sun’iy ma’naviyat yaratmoqchi emas, chunki bizning ma’naviyatimiz buyuk va buyuk bo‘lib qoladi. Biz mana shu — buyuk ma’naviyatimizni yoshlarga eslatib qo‘ymoqchimiz, xolos. Keyin siz aslo xavotir olmang, Toshkent «sayyoramizning bir chekkasida» qolib ketmaydi.

Sharofiddin To‘laganov, O‘zA