GM Uzbekistan kompaniyasi avtomobillar savdosi qayta yo‘lga qo‘yilayotgani va ayrim moddellar narxlari oshirilayotgani haqida xabar qildi.

«Mamlakat hukumati yordamida, vazirlik va mahkamalar vakillari, ekspertlar, jumladan xalqaro mutaxassislar ishtirokida aholi fikr va mulohazalarini tahlil qilish yo‘li bilan „O‘zavtosanoat“ AJ ishlab chiqarilayotgan avtomobillar narxlarining xilma-xilligi va narxlarni hisob-kitob qilishning asoslanganligini o‘rganib chiqdi. O‘tkazilgan tahlillar natijalari bo‘yicha ishlab chiqarilayotgan avtomobillar ayrim modellarining chakana narxlarini o‘rtacha 7,7 foizga oshirish to‘g‘risida og‘ir qaror qabul qilindi», — deyiladi kompaniya matbuot xizmati xabarida.

«Bunda aholi o‘rtasida ommabop va arzon bo‘lgan Spark, Nexia va Cobalt modellari chakana narxlari o‘zgarishsiz qoldi», — deyiladi xabarda.

Mazkur qarorni qabul qilishda General Motors Uzbekistan AJning og‘ir moliyaviy ahvoli va ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning ayrim modellari norentabelligi hisobga olindi, biroq aksiz solig‘i stavkalarini optimallashtirish va dilerlik marjalarini pasaytirish hisobiga narxlarning keskin ko‘tarilib ketishiga yo‘l qo‘yilmadi, deya ta’kidladi kompaniya.

«Avtomobillar chakana narxlari va aksiz solig‘i stavkalarini saqlab qolishda davlat ham bosh aksioner sifatida 2018 yil yakunlari bo‘yicha katta miqdorda zarar ko‘rib, kelgusida bu oddiy soliq to‘lovchilarga hattoki ular avtomobil sotib olmagan taqdirda ham yuk bo‘lib tushishi mumkin», — deya tushuntirish bermoqchi bo‘ldi ishlab chiqaruvchi.

1 avgustga qadar tuzilgan shartnomalar bo‘yicha avtomobillar shartnomalarda ko‘rsatilgan narxlar asosida yetkazib beriladi.