Prezidentning «Dori-Darmon» aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruv samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori loyihasi QHTBT portalida e’lon qilingan. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Hujjat loyihasida, istisno tarzida, tasdiqlangan biznes-reja parametrlariga erishgan taqdirda, «United Investment Healthcare Group» LLC kompaniyasi (AQSH) vakolatxonasi (bundan keyin — ishonchli boshqaruvchi) bilan «Dori-Darmon» AK (bundan keyin — Kompaniya) ustav kapitalidagi davlat ulushini ishonchli boshqarish shartnomasini 5 yil muddatga, yana 5 yilga uzaytirish ehtimoli bilan tuzish taklif etilmoqda.


Eslatib o‘tamiz:

  • Kompaniyaning 71% aksiyalari paketi davlatga tegishli;
  • Kompaniya 2 200 tadan ortiq ijtimoiy dorixonalarni tashkil etgan;
  • Kompaniya respublika davlat tibbiyot tashkilotlari uchun narkotik vositalar va psixotrop moddalarning yagona yetkazib beruvchisi hisoblanadi.


Shu munosabat bilan, manfaatdor vazirliklar va idoralar tomonidan quyidagilar rejalashtirilmoqda:

a) biznes-reja loyihasini ishlab chiqish va LBMA ko‘rib chiqishi uchun kiritish;

b) Kompaniya ustav kapitalidagi davlat ulushini ishonchli boshqarish shartnomasi loyihasini ishlab chiqish, unda quyidagilarni nazarda tutish:

  • ishonchli boshqaruvchi tasdiqlangan biznes-rejani amalga oshirish uchun pul mablag‘lari, asbob-uskunalar, dasturiy mahsulotlar tarzida investitsiyalarni jalb etgan taqdirda mazkur investitsiyalar Kompaniya tomonidan qoplanadi;
  • ishonchli boshqaruvchi xizmatlari haqi oylik tushum va bonusdan oylik haq tarzida belgilanadi.

Bonus miqdorini biznes-reja parametrlari bajarilishiga, shuningdek moliya yili yakunlariga ko‘ra ustav kapitalidagi davlat ulushi bo‘yicha hisoblanadigan dividendlar qismi hisobiga biznes-rejada tasdiqlangan miqdordan ortiq olingan sof foyda summasiga qarab Kompaniya sof foydasi summasidan hisoblab chiqarish taklif etilmoqda.

Kompaniyaga, istisno tarzida, xarid qilish tartib-taomillarini o‘tkazmay to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha, tovarlarni (ishlar va xizmatlarni), sh. j. dori vositalarini sotib olish huquqi berilishi mumkin.

Shuningdek davlat tibbiyot tashkilotlari, istisno tarzida, xarid qilish tartib-taomillarini o‘tkazmay to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha Kompaniyadan dori vositalarini xarid qilishi rejalashtirilmoqda.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.