Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida o‘tkazilayotgan Osiyo o‘yinlarining beshinchi kuni kecha nihoyasiga yetdi. Kun davomida o‘zbekistonlik sportchilar Osiyo o‘yinlarining beshta medaliga egalik qildi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Akademik eshkak eshishning juftlik bahslarida Shahboz Holmurzayev va Shahboz Abdujabborov oltin medalni terma jamoa hisobiga qo‘shib qo‘ydi. So‘ngra Sardor To‘lqinxo‘jayev va Alisher Turdiyevdan tashkil topgan boshqa bir juftlik kumush medalga sazovor bo‘ldi. To‘rtlik bahslarida ishtirok etgan sportchilar esa (Islambek Mambetnazarov, Otamurod Rahimov, Shehroz Hakimov, Zafar Usmonov) bronza medaliga ega chiqdi.

Taekvondo bo‘yicha -49kg vazn toifasida bahslarda qatnashgan 17 yoshli sportchi Madinabonu Mannopova musobaqa davomida Gonkong, Livan va Yaponiya vakillarini mag‘lubiyatga uchratib, finalgacha yetib bordi. Hal qiluvchi bahsda tailandlik Panipak Vongpattanakitga imkoniyatni boy berdi va yakunda kumush medal sohibiga aylandi.

Sport gimnastikasida afsonaviy sportchi, 43 yoshli Oksana Chusovitina o‘zining sevimli uslubi hisoblangan tayanib sakrash mashqlarida ishtirok etdi va yakunda ikkinchi natijani qayd etib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Umumiy hisobda o‘zbekistonlik sportchilar kecha 1 ta oltin, 3ta kumush va 1ta bronza medallariga ega chiqishdi.

Beshinchi kun yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston sport delegatsiyasi hisobida 19 ta medal mavjud. O‘zbekistonlik sportchilar besh kun ichida 4 ta oltin, 8 ta kumush va 7 ta bronza medallarini terma jamoa hisobiga qo‘shib qo‘ydi.

Suratlar mualliflari: Anvar Ilyosov, Abdullo Fayzullayev, Ma’rufjon Asqarov.