Toshkent juda zerikarli shahar. Buni rad qilish imkonsiz. Ishonmasangiz, Sobiq Ittifoqning har qanday rivojlangan shahri bilan taqqoslab ko‘ring. Masalan Olma Ota yoki Boku. Shunda hammasi tushunarli bo‘ladi. U yerlarda odamlar kechalari ommaviy sayrga chiqadi, tungi hayot va birmuncha erkinlik bor.

Bizning erkinligimiz esa zanjiri sababli bug‘ilayotgan kuchukka o‘xshaydi. Yaqinda kuchukni qo‘yib yuborishdi va ko‘pchilik uning yashab ketishiga ishondi. Biroq mana, uning oldiga zanjir ko‘tarib kelishmoqda.

Shaharning asosiy boyligi, bu — uning odamlari. Qolgan barchasi ikkinchi darajali. Bu juda oddiy haqiqat. Biroq O‘zbekistonda hech kim bunga hech qachon e’tibor qaratmagan. Bu haqda hattoki gapirilmagan ham. Hech kim: «Ketmanglar, sizlar bu yerda keraksiz!» — demadi. Va yuz minglab odamlar shaharni tark etdi.

Shaharni «Madaniy hayotni tubdan yaxshilash to‘g‘risida"gi qarorlar bilan qiziqarli va mashhur qilib bo‘lmaydi. Shaharni odamlar barpo etadi. Shaharlar ijodkor, ishtiyoqmand odamlar qo‘li bilan go‘zallashadi. Bu shunday noyob manbaki, uni sun’iy yo‘l bilan yaratish yoki to‘ldirish mumkin emas. Ijodkorlar sinfini ushlab qolishga urinish yoki ularni boshqa shaharlardan jalb qilish mumkin. Hozirgi g‘oyaviy ishlar bilan buni hech qanday yo‘l bilan uddalab bo‘lmaydi.

Zerikarli va istiqboli yo‘q shaharlardan odamlar ko‘proq narsalarga osonroq erishish mumkin bo‘lgan yerlarga ketadi. Pul ham har doim harakatlantiruvchi kuch bo‘lavermaydi. Madaniy muhit, xavfsiz infratuzilma, liberal jamiyat kabi boshqa qimmatliklar ham bor.

Xalqaro migratsiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Yer yuzidagi har 30 kishining biri — migrant. 2015 yilda 244 million kishi ko‘chgan. Migrantlar ularga ko‘proq imkoniyatlarni taqdim etayotgan shaharlarni tanlaydi. Odamlar uchun kurash qizg‘in pallasiga chiqqan va bu borada biz imkoniyatni boy bermoqdamiz. Eng yaxshi toshkentliklar ko‘chib ketmoqda va ular butun Yer yuziga — Los-Anjelosdan Melburngacha tarqalmoqda.

«Moskva inson resurslari uchun global muhorabaga kirishdi. Qadimda shaharlar savdo yo‘llari, sanoat davrida — fabrika va zavodlar uchun kurashgan. Hozir esa shaharlar odamlar uchun kurashmoqda», — degan edi Moskva meri Sergey Sobyanin o‘tgan yilning aprelida.

Shaharlar nafaqat o‘z odamlarini ushlab qolish, balki yangilarini jalb etishga harakat qilmoqda. Buning uchun hokimiyat ko‘rkam ko‘chalar va istirohat bog‘lari qurmoqda, ko‘ngilochar tadbirlarga ruxsat berib, ularni o‘zi ham uyushtirmoqda, qulay va do‘stona muhit yaratmoqda. Shaharlar aholisi faqat pul topish emas, balki ularni o‘zlari istagandek sarflashni ham xohlaydi. Agar buni amalga oshirish imkonsiz bo‘lsa, ular ko‘chish haqida o‘ylashni boshlaydi.

11 avgustdan keyin tungi hayotni ta’qib qilish boshlangani xavotirli ishoraga aylandi. Mahalliy aholi va xorijliklar ham bundan xavotirga tushdi. Ehtimol mamlakat rahbariyati bunga ko‘p e’tibor qaratmagandir. Ammo jamiyat buni o‘ta og‘riqli qabul qildi. Aksariyat hollarda bu bir yoqlama talqin qilindi. Nozik fuqarolik erkinligi va liberal qadriyatlarga qarshi hujum sifatida.

Odamlar restoranlardan qanday chiqarib yuborilganini qizg‘in muhokama qilmoqda. Biroq hech kim hali 11 avgustdagi qaror natijasida ko‘rilayotgan iqtisodiy zararlar, obro‘ning tushishi haqida o‘ylayotgani yo‘q. Menga bu yo‘qotishlar juda kattadek tuyulmoqda.

O‘zbekiston prezidenti qaytishga chaqirayotgan xorijdagi vatandoshlarning ayrimlari esa bu qarordan so‘ng ikkilanib qoldi. Bir necha tanishlarim AQSHga qaytib ketish haqida o‘ylab qoldi. Chunki xorijda bu masala o‘ta sezgirlik bilan qabul qilindi. Toshkent ziyolilaridan ayrimlari esa ijtimoiy tarmoqlarda #surishkerak (#poravalit) heshteglarini ommalashtirmoqda.

11 avgust kuni mening o‘zim ham hayotimda birinchi marta qayergadir ketish haqida o‘ylab qoldim. Hatto eng og‘ir yillarda ham bu o‘y xayolimga kelmagan edi. Mo‘rtgina bo‘lgan «ma’naviyat» uchun minglab odamlarning umidlarini qurbon qilish shartmikan?

Afsuski hech kim to‘xtatishga urinayotgan yo‘q. Tungi hayotni chegaralashga qaratilgan hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi ham. Shaharliklar va ularning ehtiyojlari hisobga olinmadi. Hech bo‘lmasa sayyohlarni o‘ylash kerak emasmidi? Rahmat, bunday hurmat uchun.

Ma’naviyat shaharning chinnidek toza va dono bo‘lishi «istaydi». Shahar u kutganidek bo‘ladi va oxir-oqibatda halokatga yuz tutadi. «Ma’naviyat» so‘zidan shaharni dunyo darajasida raqobatbardosh qilishga qodir kishilar yuzini burishtiradigan darajaga kelib qoldi. Ma’naviyatning ikkiyuzlamachiligidan ziyolilar istehzo qilib, boshqa yurtlarga ko‘chish rejasini tuzmoqda. U sayyohlarni qo‘rqitib, ular oqimining boshqa shaharlarga burilishiga sabab bo‘lmoqda.

Ma’naviyat, bu — yolg‘on konsepsiya, adashish. Chunki u barcha insonlarda bir xil qadriyat va ehtiyoj bo‘lishini talab qiladi. Universal qadriyatlar bo‘lmaydi. Eng muvaffaqiyatli va barqaror jamiyat, bu — xilma-xillik, oz sonli guruhlar ham o‘zini erkin his etishidir. Mono-jamiyat esa — tarixiy berk ko‘chadir.

Toshkent boshqa shaharlar bilan faqatgina ularning eng yaxshilariga o‘xshasagina yashab qolishi va raqobatli bo‘lishi mumkin. Va bu yerda eng asosiy masala — odamlar va ularning erkinligi. Pul evaziga Tashkent City qurish mumkin, biroq kechqurunlari hech qayerga borishning imkoni bo‘lsa unda kim yashaydi va uni ilg‘or mavzega aylantiradi?

Tungi klubda bir kishini o‘ldirishdi. Bir haftada esa (13−19 avgust kunlari) O‘zbekistonda YTHlarda 46 (qirq olti) kishi halok bo‘ldi. 166 kishi jarohatlandi. Bu kimni qayg‘uga solayapti? Hech kimni! Milliy gvardiya piyodalar o‘tish yo‘llarida qo‘riqchilik qilmaydi. Tungi klublar faoliyatiga e’tirozlar bormi? Sohani shunday isloh qilingki, undan hamma manfaat ko‘rsin. Lekin ma’naviyatsiz, iltimos.

Yoshlar siyosati sohasidagi muammolar qayerdan paydo bo‘ldi? Barchasi o‘tgan yillar davomida na iqtisodiyot, na turmush darajasi va ishchi o‘rinlari bilan shug‘ullanilmaganidan paydo bo‘lmadimi? Aksincha, sun’iy ravishda ma’naviyatni yaratishdi va soxta statistikalarni yasashdi. Bu «karamsho‘rva» bilan, afsuski, ochlarni to‘ydirib bo‘lmaydi.

Yurtimizda iqtisodiyotni siyosatdan ustun qo‘yishdi. Iqtisodiyotni ma’naviyatdan ustun qo‘yish vaqti ham keldi. Nima taqiqlanmagan bo‘lsa, barchasiga ruxsat bering. Biznes gullab-yashnasin, klublar va ko‘chalarda shaharliklar ko‘ngil yozishsin, sayyohlarga to‘lsin.

Ish o‘rinlarining yo‘qlidan ortiq yoshlarni buzuqlikka yetaklovchi va radikallashtiruvchi kuch yo‘q. Avval qorinni to‘ydiring, keyin ma’naviyat haqida gapiring.

Nikita Makarenko