Toshkent Ichki ishlar bosh boshqarmasi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining poytaxtdagi kafelardan birida sodir etgan qo‘pol harakatlari bo‘yicha xizmat tekshiruvini o‘tkazadi. Bu haqda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Toshkent IIBB boshlig‘i Rustam Jo‘rayev ma’lum qildi.

U har bir xodimning xatti-harakatiga ob’ektiv baho berilib, tegishli choralar ko‘rilishini aytdi.

«Afsuski, shunday holatlar bo‘ladiki, xodimlarimiz xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda tartib-qoidalarni, qayerdadir esa qonunlarni buzadi. Bunday xodimlarga nisbatan biz, albatta, choralar ko‘ramiz, o‘zimiz oshkor qilamiz. Katta tarbiyaviy ishlar olib borilib, kadrlarni saralash, joy-joyiga qo‘yish choralari ko‘rilmoqda», — dedi IIBB boshlig‘i.

Toshkent prokuraturasi huquqni muhofaza qilish organlari harakatlariga huquqiy baho beradi, tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda, dedi Toshkent prokurori Sherzod Obloqulov.

IIBB matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, yetti oy davomida 2017 yilning shu davriga nisbatan jinoyatlar soni Toshkentdagi jamoat joylarida 763 tadan 434 taga (43 foizga), ko‘chalarda — 456 tadan 245 taga (46 foizga) kamaygan. Jinoyat sodir etgan shaxslar soni esa 6189 nafardan 3627 kishiga (41 foiz) kamaygan.