O‘tgan yilning 13 noyabr kuni 17:30 larda Navoiy viloyati Zarafshon shahar IIB navbatchilik qismiga 6-kichik tumani hududidagi xonadonlardan birida bosqinchilik jinoyati sodir etilgani haqida xabar kelib tushadi. Bosqinchilar uydan ichida 800 AQSH dollari va 6,5 mln so‘m bo‘lgan seyfni o‘g‘irlab ketadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudi raisi o‘rinbosari Shuhrat Kamolovning yozishicha, oradan yarim soatlar o‘tgach, qizil rangli «Jentra» rusumli avtomashina yo‘lovchilar bilan «Karak ota» YPX maskanidan o‘tayotganda to‘xtatiladi. Tekshirib ko‘rilganda, yo‘lovchilar Orifjon Safoqulov, Yorqin Shoniyozov va Abbos Pardayev (ism-shariflar o‘zgartirilgan) ekani ma’lum bo‘ladi. Ulardan birining qo‘lida esa pul solingan polietilen xaltacha bo‘ladi.

Shundan so‘ng yo‘lovchilar ichkariga taklif qilinadi va polietilen qopdagi pullar sanab ko‘rilib, 6,1 mln so‘m kimga tegishli ekanligi so‘raladi. Shunda yo‘lovchi O. Safoqulov xolasi to‘y qilgani, to‘ydan oldin navoiylik bir kishidan qarz ko‘targani, to‘ydan tushgan pullarni qarzni qaytarish uchun berib yuborayotganini aytadi.

Qo‘lga tushganini sezgan jinoyatchilar bino derazasini sindirib, voqea joyidan qochib ketadi.

Tergov jarayonida jinoyatchilarning yana bir sherigi borligi aniqlanadi. Sabina Shaydullayeva muqaddam sudlangan O.Safoqulovga o‘g‘irlik sodir etilgan xonadonda katta miqdorda pul borligini aytib, uy egasining qizi Vazira Zaripovani chalg‘itib, o‘zi bilan olib ketadi. Ular birgalikda ovqatlanayotgan vaqtda esa jinoyat amalga oshiriladi.

Sud sudlanuvchilarga nisbatan jazo tayinlashda ishdagi barcha yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni inobatga oldi.

Sud sudlanuvchilar O. Safoqulov, S. Shaydullayeva, Yo. Shoniyozov va A. Pardayevga sodir etgan jinoiy qilmishlari uchun tegishli muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Sudlanuvchi S. Shaydullayevaning yoshligini, muqaddam sudlanmagani, aybiga iqrorligi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, jinoyatni sodir etishdagi ishtirokchilik darajasini inobatga oldi. S. Shaydullayevaga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tamasdan turib ham uning hulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin degan qat’iy fikrga keldi. Unga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlab, Jinoyat kodeksining 72-moddasi tartibida 2 yil muddatga shartli sinov belgiladi.