O‘zbekiston normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Ichki ishlar vazirligi tomonidan tayyorlangan «Alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilishni tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida"gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

Hujjat loyihasida qayd etlishicha, mazkur qaror alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish joylarida hamda umumiy ovqatlanish ob’ektlarida jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek alkogolli mahsulotlarning chakana savdosi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish maqsadida qabul qilinmoqda.

Unga ko‘ra:

  • savdo ob’ektlari va umumiy ovqatlanish korxonalarida soat 21:00 dan 09:00 ga qadar alkogolli mahsulotlarni sotishga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • alkogolli mahsulotlarni quyib savdo qilish faqat umumiy ovqatlanish korxonalarida alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish huquqini beradigan ruxsat guvohnomasi asosida amalga oshiriladi;
  • ko‘ngilochar savdo ob’ektlari va umumiy ovqatlanish korxonalarida xizmat ko‘rsatish soat 23:00 dan boshlab to‘xtatiladi.

Mazkur bandning ikkinchi va to‘rtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan cheklovlar quyidagi savdo ob’ektlari va umumiy ovqatlanish korxonalariga nisbatan tatbiq etilmaydi:

  • respublika hududida o‘rnatilgan tartibda faoliyat yuritayotgan mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalari tarkibida tashkil etilgan;
  • maxsus turizm zonalarida (erkin turizm zonalari, kichik turizm zonalari, turizm zonalari va turizm klasterlari) faoliyat yurituvchi;
  • «Tourist friendly» tizimi orqali sertifikatlangan.

Alkogolli mahsulotlar savdo qilinadigan savdo ob’ektlari va umumiy ovqatlanish korxonalarini texnik qo‘riqlash vositalari, yong‘indan darak beruvchi, qo‘riqlash signalizatsiyalari va videokuzatuv tizimlari bilan jihozlash hamda o‘rnatilgan tartibda ichki ishlar organlarining texnik qo‘riqlash punktlariga ulash choralari ko‘riladi.

Savdo ob’ektlari va umumiy ovqatlanish korxonalariga berilgan alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish huquqini beradigan ruxsat guvohnomalari mazkur qaror talablaridan kelib chiqqan holda qayta rasmiylashtiriladi.