Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov 22 avgust kuni Samarqand shahar Kimyogarlar qo‘rg‘onida sayyor qabul o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

«Bugun yurtimizda Qurbon hayitining ikkinchi kuni bayram sifatida nishonlanmoqda. Ushbu muborak kunlarda odamlarning dardini eshitib, ularning og‘irini yengil qilsak, hal etilmayotgan masalalarga yechim topsak prezidentning „Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak“ degan gapining hayotiy ifodasini ko‘rsatgan bo‘lamiz. Shuning uchun bugun murojaat qilgan har bir fuqaroning masalasi shu yerning o‘zida hal etilishi kerak. „Tushuntirish berildi“, „o‘rganilyapti“, „jarayonda“ degan gaplar kerak emas, murojaat qilgan shaxsning muammosiga yechim topish muhim», — dedi viloyat hokimi.

Sayyor qabulda hokim bilan birga viloyatdagi boshqarma va idoralar, Samarqand shahridagi sektorlar rahbarlari ham ishtirok etmoqda.

Shuningdek, qabul o‘tkazilayotgan 54-umumta’lim maktabida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi ham tashkil etilgan. Viloyat rahbari ish so‘rab murojaat qilgan har bir fuqaro bandligini ta’minlash zarurligini ta’kidladi.