2018 yilning 21 avgust kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Yevropa parlamentidagi Yevropa xalq partiyasi fraksiyasining germaniyalik a’zolari delegatsiyasi bilan uchrashdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat davomida «O‘zbekiston — YeI» shaklidagi hamkorlikning ijobiy rivojlanishi nuqtai nazaridan O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining parlamentlari tuzilmalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Faqatgina so‘nggi bir yil davomida YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini O‘zbekistonga ikki marta tashrib buyurdi va mamlakatimiz rahbariyati bilan samarali muzokaralar o‘tkazdi. Boshqa sohalar, jumladan ishbilarmon doiralari, davlat va nodavlat tashkilotlari, ta’lim, madaniyat va san’at sohalari vakillari o‘rtasidagi aloqalar ham sezilarli faollashdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha aniq takliflar berildi, shuningdek, qo‘shma kun tartibidagi boshqa masalalar, xalqaro va mintaqaviy muammlolar yuzasidan fikr almashildi.