24 avgust kuni Turkmanistonning Avaza shahrida Orolni qutqarish xalqaro fondi ta’sischi davlatlarining rahbarlari sammiti o‘tkaziladi. Unda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat mirziyoyev ham qatnashadi. Bu haqda prezident matbuot xizmatining telegramdagi kanali orqali xabar berildi.

2017 yilning sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zlagan Shavkat Mirziyoyev quyidagi fikrlarni bildirib o‘tgandi: «Bugungi kunning eng o‘tkir ekologik muammolaridan biri — Orol halokatiga yana bir bor e’tiboringizni qaratmoqchiman. Mana, mening qo‘limda — Orol fojiasi aks ettirilgan xarita. O‘ylaymanki, bunga ortiqcha izohga hojat yo‘q. Dengizning qurishi bilan bog‘liq oqibatlarni bartaraf etish xalqaro miqyosdagi sa’y-harakatlarni faol birlashtirishni taqozo etmoqda. Biz BMT tomonidan Orol fojiasidan jabr ko‘rgan aholiga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha shu yil qabul qilingan maxsus dastur to‘liq amalga oshirilishi tarafdorimiz».

Eslatish o‘rinli, Orolni qutqarish xalqaro fondining ta’sischi davlatlari O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmanistan davlatlari hisoblanadi. 2017 yildan boshlab mazkur fondga Turkmaniston davlat rahbari Gurbanguli Berdimuhamedov prezidentlik qilib kelmoqda.