Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida barpo etilayotgan yirik energetika inshootida qurilish ishlari davom etmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Bu inshoot mintaqada elektr ta’minotidagi muammolarni yengillatish bilan birga, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish, hayot farovonligi, turmush madaniyatining yuksalishiga xizmat qiladi.

Qurbon hayiti va IES 1-blokining gaz-turbina qurilmalarini keltirib, o‘rnatilishi munosabati bilan To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida bugungacha amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar bilan tanishtirish maqsadida ehson dasturxoni yozildi. Unga keng jamoatchilik vakillari taklif etildi.

«O‘zbekenergo» davlat aksiyadorlik kompaniyasi buyurtmasi asosida bunyod etilayotgan mazkur stansiyaning umumiy loyiha qiymati 1 milliard 195 million 870 ming dollarga teng. Ayni paytda ulkan energetika inshootining barcha yo‘nalishlarida tunu kun bunyodkorlik ishlari davom etmoqda.

Tadbir doirasida viloyat hokimi Xayrulla Bozorov va jamoatchilik vakillari issiqlik elektr stansiyasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.