Toshkentdagi «Samarqand darvoza» savdo majmuasi binosi qarshisida avtomobillarning turtilib ketishi natijasida kelib chiqqan janjal pichoqbozlik bilan yakun topdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va OAV bilan ishlash boshqarmasi xabar qildi.

Xabarda keltirilishicha, 21 avgust kuni soat 17:00lar atrofida Shuhrat Akromov (1992 y. t.) Toshkentning Shayxontoxur tumanidagi «Samarqand Darvoza» savdo majmuasi binosi old tomonida avtomobillari turtilib ketishi natijasida kelib chiqqan janjalda yonidagi o‘tkir tig‘li jism bilan Tursunpulat Rasulovning (1994 y. t.) qorin bo‘shlig‘iga ikki marotaba urib, tan jarohati yetkazadi va voqea joyidan yashirinadi.

Jabrlanuvchi 1-sonli shahar klinik shifoxonasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Shuhrat Akromovga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.