20 avgust kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Turkmaniston favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Yazguli Mammedovni qabul qildi, deya xabar berdi TIV matbuot xizmati.

Suhbat chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va uni yanada rivojlantirishning istiqbollari to‘g‘risida fikr almashildi.

Oliy darajadagi muntazam O‘zbekiston — Turkmaniston uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Turkmanistonda o‘zaro savdo aylanmasini oshirish va uning nomenklaturasini kengaytirishga muhim ahamiyat beriladi. Shu nuqtayi nazardan ikki tomonlama hamkorlik institutlarining navbatdagi majlislarini o‘tkazishning jadvali va kun tartibi muhokama qilindi.