O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini muqaddas Qurbon hayiti bayrami bilan tabrikladi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

«Siz azizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlarni, butun xalqimizni shukronalik, saxovat va mehr-oqibat ayyomi — muborak Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, ezgu tilaklarimni bildirishdan g‘oyat mamnunman», — deyiladi mamlakat rahbari tabrigida.

«Bugungi kunda mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, xalqimizning farovon hayoti, jondan aziz farzandlarimizning baxtu iqbolini ta’minlash yo‘lida amalga oshirayotgan barcha islohotlarimiz, jumladan, diniy-ma’rifiy sohadagi ishlarni tubdan takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarimiz dunyo hamjamiyati, nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan keng e’tirof etilmoqda», — dedi prezident.

Prezident yaqinda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Vashington shahrida o‘tkazilgan diniy erkinliklar masalalari bo‘yicha nufuzli xalqaro forumda O‘zbekistonda vijdon erkinligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar yuqori baholanganini eslab o‘tib, «bu borada boshlagan ishlarning xalqaro miqyosda yuksak e’tirof etilganiga yaqqol dalildir», — dedi.

«Dunyoda muqaddas dinimiz nomidan turli yovuz harakatlar sodir etishga urinishlar kuchayib borayotgan bir paytda, unib-o‘sib, hayotga yorug‘ yuz bilan kirib kelayotgan o‘g‘il-qizlarimizga muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyatini tushuntirib berish, ularni teran fikrlaydigan, shiddatli zamon mezonlari asosida yashaydigan ma’rifatli, dunyoqarashi keng, barkamol insonlar etib voyaga yetkazish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu yo‘lda boshlagan islohotlarimiz kutilgan samarani berishi uchun barchamiz, butun xalqimiz bilan birgalikda hamjihat bo‘lib ish olib borishimiz kundalik zaruratga aylanmoqda», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

«Ushbu ulug‘ ayyom kunlarida uzoq va yaqin musulmon mamlakatlarning xalqlarini, barcha do‘stlarimizni samimiy qutlab, ularga tinchlik va xotirjamlik, taraqqiyot hamda farovonlik tilaymiz», — dedi davlat rahbari.

«Qurbon hayiti munosabati bilan yurtimizda uch kunlik dam olish e’lon qilingani xalqimizning kayfiyatini ko‘tarib, bayramga alohida fayz va shukuh baxsh etmoqda. Bunday fazilatli kunlarda yurtdoshlarimiz qadimiy va tabarruk maskanlarni, buyuk ajdodlarimizning mo‘’tabar qadamjolarini ziyorat qilib, qarindosh-urug‘lari, yaqinlari holidan xabar olib, ruhiy taskin, ma’naviy oziq olmoqdalar», — dedi prezident o‘z tabrigida.