Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida OTMlarda ta’lim sifatini oshirish, tizimga zamonaviy menejment va marketingni joriy qilish orqali sohani rivojlantirish va boshqa dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.

Yig‘ilishda hududlarda iqtisodiyot tarmoqlari va sohalaridagi mavjud ehtiyojdan kelib chiqqan holda oliy ta’lim muassasalarining filiallarini tashkil etish, kadrlar tayyorlashning zamonaviy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.

Oliy ta’lim muassasalari boshqaruvini takomillashtirish, yangi mutaxassislik va yo‘nalishlarni tashkil etish borasida ular oldida turgan vazifalar hamda tizimga zamonaviy menejment va marketingni keng joriy qilish orqali oliy ta’lim muassasalarini tom ma’noda ta’lim markazi (xab)ga aylantirish vazifalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, ta’lim sifatini zamon talablari darajasida tashkil etish, o‘quv jarayoniga innovatsion ilg‘or tajriba va o‘qitish metodlarini joriy etish, yangi ta’lim xizmatlarini joriy orqali xorijiy fuqarolarni respublika oliy ta’lim muassasalariga jalb etish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Bunda oliy ta’lim muassasalariga o‘z yo‘nalishi bo‘yicha dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, fakultet va dasturlarni amalga oshirish, o‘zaro tajriba almashish, birgalikda ilmiy faoliyat yuritish borasida faoliyatni takomillashtirish zarurligi qayd etildi.