13−19 avgust kunlari O‘zbekistonda 173 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, natijada 46 kishi hayotdan ko‘z yumdi, 166 kishi turli darajadagi tan jarohatlarini oldi, deya xabar qildi IIV matbuot xizmati.

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, bir hafta davomida YHX inspektorlari tomonidan 82,13 ming qoidabuzarlik qayd etilgan bo‘lib, ularning 39,62 mingtasi qo‘pol hisoblanadi.

13701 haydovchi xavfsizlik kamarini taqmagani, 12007 nafari — odam tashish qoidalarini buzgani, 11125 nafari — belgilangan tezlikni oshirgani, 1487 nafari — transport vositalarini mast holda boshqargani, 1040 nafari — svetoforning taqiqlovchi chirog‘ini mensimagani va chorrahalarni kesib o‘tish qoidalarini buzgani, 790 nafari haydash vaqtida mobil telefonidan foydalangani va 266 nafari — temir yo‘l kesishmalaridan o‘tish qoidalarini buzgani uchun javobgarlikka tortildi.