Ichki ishlar vaziri, general-mayor P.Bobojonov rahbarligidagi Ishchi guruh joriy yilning 12−16 avgust kunlari Xorazm viloyatining barcha shahar va tuman ichki ishlar organlari hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasida batafsil o‘rganishlar olib borib, ularning yakuni bo‘yicha har bir tarkibiy tuzilma va xodimlar faoliyatiga tanqidiy baho berildi. Bu haqda IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Ishchi guruhi «Xavfsiz shahar» konsepsiyasi asosida Urganch shahrida o‘rnatilayotgan videokuzatuv moslamalarining ishlash jarayonlari bilan tanishdi. Shu o‘rinda qayd etish joizki, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida shahar hududida jinoyatlarning asosiy qismi sodir etilayotgan aholi gavjum joylarda 909 ta videokuzatuv kameralari o‘rnatilishi huquqbuzarlikning barvaqt oldini olish, ularni tezkorlik bilan fosh etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘rganishlar yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Bosh prokuratura, viloyat hokimligi va ichki ishlar organlari mas’ul xodimlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Xorazm viloyatida jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida umumiy jinoyatlar 781 taga yoki 41,4 foizga, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 434 taga yoki 41,1 foizga kamayganligi qayd etildi.

O‘z navbatida viloyatning ayrim ichki ishlar organlari xodimlarining fuqarolar bilan munosabatlarda noo‘rin xatti-harakatlari, rahbarlarning mas’uliyatsizligi va beparvoligi hamda ularning qo‘l ostidagi xodimlari ustidan kunlik nazoratni lozim darajada olib borilmayotganligi oqibatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘layotganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Viloyatda joriy yilning yetti oyi mobaynida ayrim hududlarda kriminogen vaziyat og‘irlashgan. Shovot va Yangiariq tumanlarida qotillik, Xonqa, Urganch va Qo‘shko‘pir tumanlarida og‘ir shikast yetkazish jinoyatlari ko‘paygan.

Joriy yilning yetti oyi mobaynida3 ta qotillik va 17 ta tan jarohati yetkazish jinoyatlari oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilgan.

Shovot, Gurlan, Xazorasp, Qo‘shko‘pir tumanlari va Xiva shahrida iyun va iyul oyilarining o‘zida jinoyat qidiruv yo‘nalishi bo‘yicha sodir etilgan jinoyatlar soni keskin oshgan. Urganch shahrida jinoyatlarning 77 tasi ko‘chalarda, 69 tasi esa qo‘riqlashga olinishi lozim bo‘lgan ob’ektlarda sodir etilganligi qayd etilib, jamoat tartibini saqlash va qo‘riqlash sohasidagi chora-tadbirlarni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Muhokamalar davomida egallab turgan lavozimiga noloyiq xatti-harakatlarni sodir etgan, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini to‘laqonli anglab yetmasdan, bugungi kun talablariga javob bermaydigan eskicha ish uslubida xizmat qilayotgan, o‘z ustida ishlamasdan, fuqarolarning manfaati yo‘lida jonbozlik ko‘rsatmagan Yangibozor tumani IIB boshlig‘i vazifasini bajaruvchi J.Piryazov, IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Yu.Ahmedov, Jinoyat qidiruv bo‘linmasi boshlig‘i I.Salayev, Urganch tumani IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh. Jumanazarov, Qo‘shko‘pir tumani IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sh.Hasanov, Yangiariq tumani IIB boshlig‘ining xizmat bo‘yicha o‘rinbosari X.Nurmetov egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.

Shuningdek, faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklar, xizmat vazifalarini bajarishga mas’uliyat bilan yondashmagan qator rahbar va xodimlarga turli darajadagi intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

Yig‘ilish so‘nggida viloyat ichki ishlar organlarida ish sifatini yaxshilash, jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Ishchi guruh o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.