Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida Osiyo o‘yinlari davom etmoqda. Bugun taekvondo musobaqasida ayollar o‘rtasidagi bahslarda -67kg vazn toifasida o‘zbekistonlik Nigora Tursunqulova yarim finalga qadar yetib bordi va bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqda olamsport.com xabar berdi.

U yarim final bahsida taekvondo vatani — Janubiy Koreya vakili Jandi Kimga 4:14 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Erkin va yunon-rum kurashi, dzyudodan farqli ravishda taekvondo musobaqasida yarim finalda yutqazgan sportchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri bronza medaliga ega bo‘lishadi.

Yana bir o‘zbekistonlik taekvondochi Niyoz Po‘latov terma jamoaga oltinchi medalni taqdim etdi. Po‘latov hal qiluvchi final bahsida Janubiy Koreya sportchisi Kim Tae Xunga 6:24 hisobida imkoniyatni boy berib, kumush medal sohibiga aylandi.

Bu bilan terma jamoa hisobidagi medallar soni 6 taga yetdi va O‘zbekiston terma jamoasi medallar jamg‘arish bo‘yicha 7-o‘ringa ko‘tarilib oldi.