2030 yilgacha «Raqamli O‘zbekiston» rivojlanish konsepsiyasini ishlab chiqadigan Raqamli iqtisodiyot rivojlantirilishini muvofiqlashtirish komissiyasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi QHTBT portalida muhokama qilinmoqda, deyiladi Norma.uz xabarida.

Konsepsiyaga quyidagi chora-tadbirlarni kiritish tashabbusi bilan chiqilgan:

telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish, aholini sifatli uyali aloqa, keng polosali bnternetdan foydalanish imkoni bilan ta’minlash;

sog‘liqni saqlash, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, ta’lim, kommunal xizmat ko‘rsatish, turizm sohalarida zamonaviy axborot tizimlari, dasturiy mahsulotlar va ma’lumotlar bazalarini joriy etish, shuningdek «aqlli» va «xavfsiz» shaharlar va mintaqalar tashkil etish;

raqamli iqtisodiyot sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida innovatsion loyihalarni amalga oshirish, shuningdek zamonaviy dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarilishini qo‘llab-quvvatlash;

«intellektual hukumat» tamoyillari asosida aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada kengaytirish.

Konsepsiya davlat organlari va boshqa tashkilotlarda axborot texnologiyalarini rivojlantirish holati, ularda mavjud axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari va boshqa dasturiy mahsulotlar, shuningdek tarmoqlar va kadrlar salohiyatini zamonaviy talablarga muvofiqligi yuzasidan inventarlash natijalari bo‘yicha ishlab chiqiladi.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.