20 avgust kuni Vazirlar Mahkamasida bosh vazir Abdulla Aripov raisligida Qurbon hayitini munosib nishonlash masalasiga bag‘ishlangan selektor majlisi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qilindi Vazirlar Mahkamasidan «Gazeta.uz"ga.

Majlisda Qurbon hayitini keng bayram sifatida nishonlash bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.

«Qurbon hayitini joylarda ko‘tarinki ruhda, tartibli va xalqimizning milliy qadriyatlariga mos ravishda o‘tkazish, hayit namozi o‘qiladigan barcha masjidlarda fuqarolarning ibodat qilishlari uchun zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratish, erta tongdan jamoat transport qatnovini tashkil etish, masjidlar atrofida avtomobillar vaqtincha turar joylarni hozirlash yuzasidan mutasaddi rahbarlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi», — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, har bir tuman, mahalla, ovul va qishloqlardagi yordamga muhtoj nogironlar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar, kam ta’minlangan oilalarga hamda «Mehribonlik», «Muruvvat», «Saxovat» uylariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklarga topshiriqlar berildi.

Shuningdek, bozorlarda savdo xizmatini yuqori saviyada tashkil etish, istirohat bog‘lari, odamlar gavjum bo‘ladigan joylarda aholi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish lozimligi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, bugun — 20 avgust kuni ertalab Bekoboddan Toshkentga harakatlanib kelayotgan hukumat korteji yo‘l-transport hodisasiga uchrashi natijasida bosh vazir Abdulla Aripov yengil tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan edi. Keyinroq tibbiy muolajalar olgan bosh vazirning ishga chiqqani xabar qilindi.