20 avgust kuni soat taxminan 12:20 da Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Alisher Navoiy va Sharof Rashidov ko‘chasi kesishmasida «5-avtobus saroyi» MCHJ tasarrufidagi 148-sonli «Jomiy maydoni — Tuzel mavzesi 4-daha» oralig‘ida qatnovchi haydovchi Eshmatov M.N. boshqaruvidagi Isuzu rusumli davlat raqami 10 105 NBA bo‘lgan avtobus tomonidan yo‘l-transport hodisasi sodir etildi.

Yo‘l-transport hodisasining asosiy sababi — avtobusning o‘z yo‘nalishi bo‘yicha harakati davomida uning old tomonidan hudud raqami 85 bo‘lgan oq rangli Chevrolet Spark rusumli yengil avtomobil haydovchisi tomonidan keskin o‘nga olish oqibatida «Isuzu» rusumidagi avtobus haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib yo‘l chekkasidagi ustunga urilgan. Natijada avtobus ichidagi bir qancha yo‘lovchilarga tan jarohati yetkazilgan. Jarohat yetkazilgan fuqorolarga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Hodisa yuz bergan vaqtda yo‘l yoqasida turgan taksi haydovchilarning, hamda avtobusda bo‘lgan yo‘lovchilarning sa’y-harakatlari bilan Chevrolet Spark rusumli yengil avtomobilning hudud raqamiga oydinlik kiritildi.

Hozirda IIBB YHXB tomonidan oq rangdagi Chevrolet Spark rusumidagi yengil avtoulovi qidirilmoqda.

Mazkur voqeani guvohi bo‘lganlardan «Toshshahartrasxizmat» AJ harakat xavfsizligi bo‘limi xodimlariga (+99893 590−58−59) yoki IIBB YHXB 102ga xabar berishingizni so‘raymiz.