O‘zbekiston prezidenti Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish bo‘yicha huquqiy eksperiment to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Hujjatda qayd etilishicha, Toshkentda iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirish va modernizatsiya qilish, investitsiyalarni jalb etish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholining eng muhim muammolarini tezkor hal qilishga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammo va kamchiliklar mavjud. Xususan:

  • birinchidan, mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilishda kompleks yondashuv hamda hokimlar va ular o‘rinbosarlarining davlat boshqaruvi organlari hududiy bo‘linmalari bilan yaqin o‘zaro hamkorligi yo‘lga qo‘yilmagan;
  • ikkinchidan, mahalliy davlat hokimiyati organlariga o‘ziga xos bo‘lmagan bir qator vazifa va funksiyalar yuklatilgan bo‘lib, ularni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy va moliyaviy mexanizmlari mavjud emas, oqibatda hokimliklar huzurida ma’muriy va boshqaruv funksiyalariga ega bo‘lgan alohida kvazidavlat korxona va tashkilotlar tuzilmoqda;
  • uchinchidan, davlat hokimiyati vakolatlariga ega bo‘lgan ko‘p sonli idoralararo hududiy kollegial organlar (komissiyalar, kengashlar)ning mavjudligi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazifa va funksiyalari almashishiga, qabul qilinayotgan qarorlar va aniq natijalarga erishish uchun mas’uliyatning yo‘qolib borishiga olib kelmoqda;
  • to‘rtinchidan, Toshkent shahrining tasdiqlangan bosh rejasi mavjud emasligi tartibsiz qurilishlarga olib kelmoqda, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini yanada kengaytirishga imkon bermayapti, shuningdek, ijtimoiy ob’ektlarni kompleks joylashtirish va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirishni hisobga olgan holda poytaxtni faol ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda;
  • beshinchidan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishning amaldagi tartibi ularga yuklatilgan vazifalar, funksiyalar va mas’uliyat hajmiga mos kelmaydi, bu esa ularning ish samaradorligiga ta’sir qilmoqda;
  • oltinchidan, deputatlik va jamoatchilik nazorati mexanizmlari lozim darajada ishga solinmagan, xalq deputatlari Kengashlari faoliyatini tashkil etishning amaldagi tartibi mahalliy ijro etuvchi organlar faoliyati ustidan nazoratni to‘liq ta’minlamaydi.

1 sentyabrdan Toshkentda boshqaruvning alohida tartibini joriy etish bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkaziladi.

Eksperiment doirasida Toshkent shahar va uning tarkibiga kiruvchi tumanlar hokimliklari boshqaruv apparatlari negizida xalq deputatlari Kengashi tasdiqlagan byudjet doirasida tegishli hokim tomonidan tuzilmasi va shtatlari belgilanadigan va o‘zgartiriladigan Toshkent shahar va tumanlar hokimlari devonlariни tashkil etiladi.

Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qurilish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmalari rahbarlari Toshkent shahar hokimi tomonidan tegishli vazir bilan kelishilgan holda, ularning tuman bo‘linmalari rahbarlari esa tegishli hududiy davlat boshqaruvi organi rahbari bilan kelishilgan holda tuman hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Toshkent shahar hokimi va uning o‘rinbosarlari ishtirokidagi davlat hokimiyati vakolatlariga ega bo‘lgan hududiy idoralararo kollegial organlar (komissiyalar, kengashlar va boshqalar) ularning vazifa va funksiyalarini tegishli hududiy davlat boshqaruvi organlariga bergan holda keskin qisqartiriladi.

Toshkent shahar iqtisodiyot va kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi hamda tumanlarning iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘limlari, Toshkent shahar hokimligi moliya bosh boshqarmasi va tuman hokimliklarining moliya bo‘limlari, Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi va tumanlar qurilish bo‘limlari, Toshkent shahar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi va tumanlar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limlari, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining Toshkent shahri bo‘yicha hududiy boshqarmasi va investitsiyalar bo‘yicha tuman bo‘limlari tegishlicha Toshkent va tumanlar hokimlari bo‘ysunuviga hamda Toshkent shahar va tumanlar hokimlari devonlari tuzilmasiga o‘tkaziladi.

Obodonlashtirish bosh boshqarmasi huzuridagi Kanallarni saqlash, foydalanish va ta’mirlash bo‘yicha ixtisoslashgan boshqarma negizida kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi tashkil etiladi.

Toshkent shahar ijro etuvchi hokimiyat tuzilmasida Тошкент shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish departamenti tashkil etiladi. Departamentning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • shahar transportini tartibga solish va rivojlantirishning samarali mexanizmlarini tashkil etish, boshqarish, ishlab chiqish va qo‘llash tizimini takomillashtirish;
  • transport va yo‘l-transport infratuzilmasi, shuningdek, avtomobil to‘xtash joylarini rivojlantirish sohasida shahar dasturlarini ishlab chiqish;
  • shahar yo‘lovchi transporti faoliyat yuritishining ishonchliligi, xavfsizligi va qulayligini oshirish;
  • yo‘llar, yo‘l ob’ektlari va yo‘l-transport inshootlaridan foydalanish samaradorligini ta’minlash uchun yo‘l harakatini tashkil etishning xavfsiz va samarali dasturlari va chizmalarini, shu jumladan, yo‘l harakatini tartibga solish tizimlarini, zamonaviy intellektual axborot-kommunikatsiya tizimlarini rejalashtirish, loyihalash va joriy etish;
  • Toshkent shahar tashkilotlari, shu jumladan, kommunal va ekspluatatsiya tashkilotlarining yo‘l-transport infratuzilmasi va yo‘l ob’ektlarini qurish va ulardan foydalanish sohasidagi faoliyatini tashkiliy-huquqiy shakli va idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar, muvofiqlashtirish.

Toshkent shahar hokimining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi tugatilib, Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi, Toshkent shahar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimi tugatilib, Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari — uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimi, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari — Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimi, Toshkent shahar hokimi devoni rahbari lavozimi joriy etiladi.

Toshkent shahrining boshqaruv tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlanib, O‘zbekiston prezident devonining Islohotlarni huquqiy ta’minlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish xizmatiga unda nazarda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan nazorat va monitoringni amalga oshirish vazifasi topshirildi.

Toshkent hokimiga 1 oktyabrga qadar muddatda Toshkentning bosh rejasi konsepsiyasi va Toshkentning bosh rejasi loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha xalqaro tanlov o‘tkazish topshirildi.

Toshkent shahrining bosh rejasi tasdiqlangunga va poytaxtni arxitektura jihatidan rivojlantirishning istiqbollari aniq belgilangunga qadar Toshkent shahrining eski shahar qismida buzish, rekonstruksiya qilish va kapital qurilish bo‘yicha ishlarni olib borish taqiqlandi. Toshkent shahrining boshqa tumanlarida yangi turar joy massivlarini qurishda ijtimoiy ob’ektlarni kompleks joylashtirish va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish majburiy tartibda nazarda tutiladi.

Toshkent hokimiga O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan ma’qullangan yoki ishlab chiqilgan rentabelli investitsiya loyihalariga aholining bo‘sh mablag‘larini Toshkent shahrining obligatsiyalari yoki yangi tashkil etilayotgan xo‘jalik jamiyatlari aksiyalari shaklida qimmatli qog‘ozlarni chiqarish orqali jalb etishga ruxsat berilsin.

Tashqi reklama ob’ektlarining inshootlarini joylashtirish uchun taqdim etiladigan hududlar ro‘yxatlarini shakllantirish Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi tomonidan ichki ishlar organlari va O‘zbekiston Davlat raqobat qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari bilan birgalikda amalga oshiriladi.

Toshkent shahar hokimi real vaqt rejimida quyidagi imkoniyatlarni taqdim etuvchi Toshkent shahri va tumanlar hokimlari devonining interfaol portallari yaratiladi:

a) fuqarolardan mahalliy byudjetning muayyan qismini, shu jumladan, Toshkent shahrini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasining mablag‘larini, Toshkent shahri obligatsiyalarini chiqarish hisobidan jalb etilayotgan mablag‘larni eng ko‘p ovoz olgan maqsadlarga yo‘naltirish bo‘yicha takliflar olish;

b) mahalliy byudjetga tushumlarni kuzatish, shuningdek, amalga oshirilayotgan tadbirlarni va ularga sarflangan mablag‘larning shaffofligi va ochiqligini ta’minlagan holda qayd etish orqali ularning sarflanishini monitoring qilish;

v) Toshkent shahri va tumanlar hokimlari devonlarining tegishli hudud aholisi bilan quyidagilar orqali hamkorligini amalga oshirish:

  • poytaxt aholisidan uy-joy kommunal, transport va boshqa infratuzilmani takomillashtirish, hududlarni obodonlashtirish masalalari bo‘yicha takliflarni qabul qilish;
  • hokimlar va hokim devoni xodimlarining poytaxt aholisi taklif va mulohazalariga tezkor javob berish;
  • poytaxt aholisi takliflari va mulohazalarining ijrosini nazorat qilish;
  • Toshkent shahrida arzon uy-joyga talabgor shaxslarning navbati va ro‘yxatini ochiq shakllantirish;
  • hududlarni rivojlantirish, ob’ektlarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturlarini joylashtirish, tadbirkorlik sub’ektlarining takliflarini qabul qilish;
  • poytaxt aholisi ovoz berishi yakunlari bo‘yicha tumanlar hokimlari va hududiy davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining reytingini aniqlash.

Vazirlar Mahkamasiga 1 dekabrga qadar muddatda xalqaro tajribani inobatga olgan holda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga «O‘zbekiston Respublikasi poytaxtining maqomi to‘g‘risida«gi qonun loyihasini kiritish yuklatildi.