Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi 663-son qarori bilan qonun hujjatlariga tegishli tuzatishlar kiritildi, deyiladi Norma.uz xabarida.

O‘zbekistonda uchuvchisiz uchish qurilmalarini olib kirish, sotish va ulardan foydalanish taqiqlangan. Bu apparatlarning barcha turi: fuqarolik, razvedka qiluvchi va zarba beruvchi hamda boshqalariga taalluqli (TIF TN kodlari 8802 20 000 1, 8802 20 000 2, 8802 20 000 8).

Biroq istisno holatlar ham mavjud:

O‘zbekiston turistik salohiyati haqida foto va videomateriallar tayyorlash uchun, sh. j. xorijiy ijodiy guruhlarga dronlarni vaqtincha olib kirish va ulardan foydalanishga ruxsat berilgan. Buning uchun Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi va «O‘zbekkino» MA iltimosnoma taqdim etishi zarur, Mudofaa vazirligi va Davavianazoratga esa uchuvchisiz uchish qurilmalarini olib kiruvchi va ulardan foydalanuvchi shaxslar hamda suratga olish joylari haqida axborot taqdim etiladi;

Hukumat shaxsan bergan ruxsatnomaga ko‘ra idoraviy vazifalarni bajarish uchun uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanish. Bu ham asosan davlat muassasalariga taalluqli istisnoli holatlardir. Masalan, Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimediya markazida ruxsatnoma mavjud va h.k.

Davergeodezkadastr qishloq xo‘jalik yerlarini, qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish va parvarishlashni monitoring qilish uchun uchuvchisiz uchish qurilmalarini qo‘llashga haqli. Bu idora to‘g‘risidagi Nizomdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri anglashiladi. Ularni ko‘rsatilgan davlat qo‘mitasi huzuridagi «Geoinnovatsion markaz» DUK olib kiradi va ulardan foydalanadi.

Davergeodezkadastrning mazkur yo‘nalishdagi funksiyalari qo‘shimcha ravishda kengaytirildi. Unga, xususan, uchuvchisiz uchish qurilmalaridan olingan ma’lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va saqlash vazifasi yuklatildi. Idora ushbu apparatlar uchun konstruktiv elementlar ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich mahalliylashtirishda va DTni ishlab chiqishda ishtirok etadi. Hukumat ruxsatnomasiga ega bo‘lgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga dronlarni ijaraga beradi. Idoraga uchuvchisiz uchish qurilmalarini ta’mirlash va texnikaviy qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini ko‘rsatish vazifasi ham topshirildi.

Ma’lumot uchun: ruxsat berilgan hollarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik va davlat aviatsiyasida uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablariga rioya etgan holda uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanish lozim.

Yuqorida sanab o‘tilgan istisnoli holatlarga taalluqli bo‘lmagan holda dronlarni qo‘llash havo bo‘shlig‘idan qonunga xilof ravishda foydalanish deb topiladi va ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka olib keladi.