O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov FIFA prezidenti Janni Infantino bilan bir necha bor uchrashuv o‘tkazib, yangi dastur va loyihalar bo‘yicha kelishuvga erishgandi.

Kelishuvga ko‘ra Janni Infantino O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun FIFA tomonidan yangi avtobus sovg‘a qilinishi haqida aytib o‘tgandi.

Janni Infantino O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun va’da qilgan yangi avtobus O‘zbekistonga yetib keldi. Bu haqda UFA matbuot xizmati xabar berdi.

Mercedes Travego M rusumidagi ushbu avtobus 46 kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, 483 ot kuchiga ega. Barcha qulayliklarga ega bo‘lib, zamonaviy vositalar bilan jihozlangan.

Shu paytga qadar O‘zbekiston milliy terma jamoasi yig‘in davomida hamda uchrashuvlarga borish uchun klublardan olingan avtobuslardan foydalanib kelgan. Endilikda terma jamoa o‘z avtobusiga ega bo‘ldi. Ushbu avtobus milliy ramzlar va O‘FA logolari bilan bezatiladi.