Innovatsion rivojlanish vazirligida O‘zbekistonda masofaviy oliy ta’lim muassasasi -«Kelajak universiteti» yaratish masalasida yig‘ilish o‘tkazildi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Yig‘ilishda Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Yulbarsxon Mansurov, AQSHning UdacityX masofadan o‘qitish muassasasi direktori prof. Robert Danbar, Niderlandiyaning MOOC Iversity ta’lim muassasasi rahbari Deniel Zaretskiy, O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining bir qator mas’ullari qatnashdilar.

O‘zbekistonda masofadan o‘qitiladigan oliy ta’lim muassasasi — «Kelajak universiteti» quyidagi xorijiy investorlar ishtirokida ochilishi ko‘zda tutilmoqda:

• CityU MOOK (Gonkong) — Gonkong shahar universitet (1984 y.), hukumat tomonidan moliyalashtiriladi, 4 ta kollej, 3 ta maktab, 50 dan ortiq bakalavriat dasturlariga ega. Jahon universitetlarining «Quacquarelli Symonds» reytingida 49-o‘rinni, Osiyo universitetlarining «QS Asian University» reytingida 8-o‘rinni egallaydi.

• UdacityX (AQSH) — tijorat ta’lim tashkiloti, ommaviy tarzda onlayn kurslar tashkil qiladi, 12 ta to‘liq (pulli) va 26 ta bepul kurslarida 1,6 mln. Foydalanuvchilarga ega.

• MOOC Iversity (Niderlandiya) — onlayn oliy ta’lim platformasi, 2013 yildan 41 nafar yetakchi Yevropa OTMlarini birlashtirib kelmoqda, onlayn-kurslar va leksiyalar taqdim etadi, 63 ta kursda ta’lim oladigan 600 mingta foydalanuvchisi bor.

• Open Polytechnics (Yangi Zelandiya) — Yangi Zelandiyadagi masofadan o‘qitish bo‘yicha yetakchi provayder, 100 tadan ortiq yo‘nalishlar bo‘yicha 1,2 mingta kurslarga ega.

Loyiha doirasida oliy ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini, ilm-fanning eng so‘nggi yutuqlarini va texnikalarni joriy qilish nazarda tutilgan. Buning uchun elektron axborotlarni va ta’lim resurslarini (o‘zbek va rus tillariga tarjima qilingan) o‘z ichiga olgan hamda talabalar (yiliga 50 ming nafar atrofida) tomonidan ta’lim dasturlarini, ularning qayerda bo‘lishlaridan qat’iy nazar, o‘zlashtirishlarini ta’minlaydigan elektron axborot-ta’lim muhitining ishlashi uchun shart-sharoitlar yaratish talab etiladi.

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, 2016 yili O‘zbekistonda 663 ming abituriyent OTMga ariza topshirgan, ulardan atigi 57,9 ming nafari o‘qishga kirgan (bu istovchilarning 9 foizini tashkil etadi). Bu ko‘rsatkich Janubiy Koreyada 93 foizni, AQSHda 85 foizni, Eronda 71 foizni, Germaniyada 68 foizni, Tojikistonda 28 foizni Ozarbayjonda 25 foizni tashkil etadi.

Bundan tashqari, talabalarni yotoqxonalar bilan qamrab olish darajasi ham anchayin past. Aksariyat OTMlarning poytaxtda joylashganini inobatga olsak, 73,4 ming talaba ijara uyda yashashga majbur. «Kelajak universiteti"ning ochilishi esa o‘z navbatida bu muammoni ham inobatga olgan bo‘lib, hududlarda zarur uskunalar, kompyuter va boshqa texnikalar, internetga kirish tizimi bilan jihozlangan filiallarining ochilishi nazarda tutilgan.

Universitetning bosh idorasida va filiallarida talabaning shaxsini tekshirish va imtihonlarni topshirish tartibini nazorat qilishni ta’minlagan holda attestatsiya imtihonlari o‘tkaziladi. Bunda Yangi Zelandiyada necha yillar davomida tajribada sinalgan tizim joriy etiladi.

O‘qishga kirish ochiq va shaffoflik tamoyillarga asoslangan holda amalga oshiriladi, talabalar sonining maqbul darajasi shakllanguniga qadar birinchi yillari imtihon ham topshirilmaydi.

O‘qish uchun to‘lov 1,5 million atrofida bo‘lishi muhokama qilinmoqda. Davlat OTMlarining kontrakt to‘lovlari bu miqdordan bir necha baravar yuqoriligi e’tiborga molikdir.