2018 yil 17 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyevning Xususiy xorijiy investitsiyalar korporatsiyasi (OPIC) vitse-prezidenti D. Boxigien boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh. Mirziyoyevning joriy yil may oyida AQSHga qilgan tarixiy tashrifi natijasida «O‘zbekiston va AQSH: strategik sheriklik yangi davrining boshlanishi» deb nomlangan Qo‘shma bayonot qabul qilinganini qayd etdilar. Hozirgi vaqtda umumiy hajmi qariyb 5 mlrd. dollarlik kelishuvlarni bajarishga qaratilgan ikki tomonlama «yo‘l xaritalari» ijro etilmoqda.

Mehmonlarga mamlakatda olib borilayotgan islohotlar, jumladan qulay investitsiya muhitini yaratishga, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning qonunchilik bazasini mustahkamlash va rivojlantirishga doir ishlar, O‘zbekiston Respublikasi hududida investitsiya faoliyatini amalga oshirayotgan xorijiy investorlar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha davlat kafolatlari va choralarining qonunchilik asoslari to‘g‘risida batafsil axborot berildi.

O‘z navbatida, mehmonlar mamlakatda o‘z faoliyatini qayta boshlagan Xususiy xorijiy investitsiyalar korporatsiyasining, AQSH Hukumati huzuridagi agentlikning maqsadi O‘zbekiston bozoriga mablag‘lar kiritishda amerikalik tadbirkorlarga kreditlar va kafolatlar berish orqali ko‘maklashishdan iborat ekanligini ta’kidlab o‘tdilar.

Shuningdek, korporatsiya xususiy va boshqariladigan investitsiya jamg‘armalarini tashkil etishni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Kapital bilan qo‘llab-quvvatlashdan tashqari, OPIC rivojlanayotgan mamlakatlarga boshqaruv ko‘nikmalari va moliyaviy ekspertizadan foydalanishda ham yordam ko‘rsatadi. Bu rivojlanayotgan mamlakatlarda iqtisodiy taraqqiyotni kengaytirishda hamda tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishda muhim omil hisoblanadi.

Suhbat chog‘ida korporatsiya vakillari mamlakatimizda birinchi navbatda siyosiy va iqtisodiy vaziyatning barqarorligi hamda investorlarning xavfsizligi mustahkam ta’minlanayotganligi tufayli O‘zbekiston bozoriga kapital kiritish istiqbolli ekanligini ta’kidladilar.

Bugungi kunda korporatsiya aktivlari 20 mlrd. AQSH dollarini tashkil etadi. OPIC jahonning 160 ta rivojlanayotgan mamlakatida faoliyat olib boradi va axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, ta’lim, infratuzilma, telekommunikatsiyalar, moliyaviy xizmatlar, uy-joy bozori va qishloq xo‘jaligi kabi turli sohalarda biznesni moliyalashtirishda ko‘mak beradi.

Shuningdek OPIC kichik biznesdan tortib to tashqi bozorda ipoteka kreditini berishgacha kreditlashning har xil turlariga subsidiyalar ajratish uchun xorijiy mamlakatlarning moliyaviy muassasalari bilan ham hamkorlik qiladi.