O‘zbekiston prezidenti Tojikiston bilan hamkorlikda ishga solinmagan imkoniyatlar juda ko‘pligini ma’lum qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

«Shunday ishlashda davom etsak, tez orada tovar ayriboshlash hajmini 500 million dollarga yetkazamiz. Aslida salohiyatimiz — kamida 1 milliard dollar», dedi prezident Shavkat Mirziyoyev.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaga o‘zaro savdo hajmini oshirish va tarkibini diversifikatsiya qilishni izchil davom ettirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ikki mamlakat biznes tuzilmalari va chegaraoldi hududlari o‘rtasida kooperatsiyani kengaytirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi. Qishloq xo‘jaligi texnikasini yig‘ish, qurilish materiallari, oziq-ovqat, tayyor to‘qimachilik, elektrotexnika mahsulotlari va boshqa tovarlarni ishlab chiqarish loyihalarini tezlashtirishga kelishib olindi.

Transport va tranzit tashish, energetika va gidroenergetika, suvdan foydalanish sohalarida o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi. Terrorizm, ekstremizm va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqni muhofaza qilish organlari hamkorligi samardorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini yana bir bor tasdiqladi.