Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘smirlar va qizlar o‘rtasida boks bo‘yicha xalqaro turnir o‘tkazildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unda O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Mo‘g‘ulistondan 200 ga yaqin sportchilar g‘oliblik uchun ringga chiqdi.

Vazni 46 kilogramm bo‘lgan bokschilar o‘rtasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Dilshod Abdullayev barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Shuningdek, Shohrux Ro‘ziboyev, Ruslan Abdullayev va Login Petrov o‘z vazn toifasida terma jamoaga kumush medal keltirdi. Shohjahon Abdullayev esa 80 kilogramm vazn toifasida bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Shu tariqa, O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bittadan oltin va bronza, uchta kumush medalga ega bo‘ldi.