7 avgust kuni Yunusobod tumani Bodomzor ko‘chasida soat 22.40 da «Matiz» rusumli avtomobil haydovchisi 25 yoshli Munirani urib yuborgan. Bu paytda ayol ikkita farzandi bilan yo‘ldan o‘tayotgan bo‘lgan. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Baxtli tasodif tufayli bolalarga shikast yetmagan, biroq Munira tan jarohatini olgan. Ularga birinchi yordam ko‘rsatish o‘rniga mashina haydovchisi voqea joyidan qochib ketgan. Ona-bolalarning baxtiga yo‘lovchilar «tez yordam"ga qo‘ng‘iroq qilishgan.

Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266 va 117-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida kuni kecha ushbu YTHni sodir etgan shaxs — 58 yoshli I.Ismoil ushlandi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘z navbatida IIBB matbuot xizmati yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganda haydovchilar bajarishi shart bo‘lgan ishlarni eslatib o‘tdi:

transport vositasini darhol to‘xtatishi, avariya ishoralarini yoqishi va avariya sababli to‘xtash belgisini o‘rnatishi, transport vositasini va hodisaga daxldor buyumlarni joyidan qo‘zg‘atmasligi;

shikastlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rishi, tez tibbiy yordam va favqulodda qutqaruv xizmatlarini chaqirishi, shoshilinch hollarda esa shikastlanganlarni yaqin oradagi davolash-profilaktika muassasasiga yo‘lakay transport vositasida jo‘natishi, buning imkoni bo‘lmagan hollarda o‘z transport vositasida olib borishi, u yerda o‘z ismi-sharifi, transport vositasining ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqam belgisi haqida axborot berishi (o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni yoki haydovchilik guvohnomasini va transport vositasining ro‘yxatdan o‘tganlik hujjatini ko‘rsatishi) va hodisa ro‘y bergan joyga qaytib kelishi;

agar boshqa transport vositalarining harakatiga to‘sqinlik qilsa qatnov qismini bo‘shatishi. Qatnov qismini bo‘shatish yoki shikastlanganlarni o‘z transport vositasida davolash-profilaktika muassasasiga olib borish zarur bo‘lganda, yo‘l-transport hodisasiga daxldor haydovchilar avvalo transport vositasi, hodisaga aloqador buyumlar va izlarning holatini guvohlar ishtirokida dastlabki qayd etishni amalga oshirish, ularning yo‘qolmasligi va hodisa ro‘y bergan joyni aylanib o‘tishni tashkil qilishning barcha choralarni ko‘rishi;

hodisa haqida IIOga xabar berishi, guvohlarning ism-sharifini va yashash manzilini yozib olib, IIO xodimlarining kelishini kutishi zarur.

Hurmatli haydovchilar va yo‘lovchilar! Yo‘l harakati qoidalariga amal qiling va o‘zingiz hamda o‘zgalarning hayotini xavfda qoldirmang, deyiladi xabar so‘nggida.