Tojikiston rahbari suv va energetika resurslaridan foydalanish sohasida O‘zbekiston bilan konstruktiv hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishini ma’lum qildi. Emomali Rahmonning jurnalistlarga murojaati 17 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati tomonidan tashkil etilgan matbuot markazida translyatsiya qilindi.

«Biz hech qachon qo‘shnilarimizni suvsiz qoldirmaganmiz, qoldirmaymiz ham. Aksincha, bugun biz baland tog‘li Sarez ko‘lining 17 kub km li toza suvidan kelgusida mamlakatimiz va mintaqamizdagi qo‘shnilarimiz ehtiyojlari uchun foydalanish masalasini o‘rganishga kelishib oldik. Istiqbolda mazkur loyiha mintaqamiz aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash ishiga ulkan hissa qo‘shadi», — dedi u.

Emomali Rahmon Tojikiston hududidagi Zarafshon daryosida o‘zbek va tojik kompaniyalari ishtirokida umumiy quvvati 320 MVt bo‘lgan ikkita gidroelektrostansiyaning qurilishini bu yo‘nalishdagi ishlarning boshlanishi ekanini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar o‘zbek-tojik munosabatlarining yangi cho‘qqilarga ko‘tarilishiga xizmat qiluvchi tarixiy qarorlarni qabul qildi.

O‘zbekiston-Tojikiston chegarasidagi o‘tkazish punktlari ochilganidan so‘ng1 mln dan ortiq kishi chegarlarni kesib o‘tdi, dedi Tojikiston prezidenti.

Muzokaralar vaqtida odamlar, kapital, tovar va xizmatlarning yanada erkin harakatlanishi uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha tegishli chegara tuzilmalarining yanada yaqin hamkorligi ta’minlanishi muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.