Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining qo‘shma qarori (2018 yil 13 avgustdada 3053-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) bilan turizm sohasida faoliyat yurituvchi sub’ektlarning soliq solinadigan bazasini alohida xarajatlari bo‘yicha kamaytirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Hujjat prezidentning 2018 yil 7 avgustdagi «Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 3514-son qarorining 15-bandini bajarish maqsadida qabul qilindi. Idoralar ushbu bandda ko‘rsatilgan imtiyozlarni taqdim etish tartibini belgiladilar:

1 — soliq solinadigan bazani 2020 yil 1 yanvarga qadar sanitariya qoidalari, me’yorlari va gigiyena normativlariga muvofiq keladigan zamonaviy sanitariya-gigiyena tarmoqlarini qayta tiklash, kapital ta’mirlash va qurishga yo‘naltirilgan xarajatlar summasiga — 100 mln so‘mgacha kamaytirish.

Uni qo‘llash uchun soliq to‘lovchi Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining (bundan keyin — Markaz) xulosasini olishi lozim.

Tegishli ishlar soliq bo‘yicha bir nechta hisobot davrlarida olib borilgan hollarda soliq solinadigan bazani kamaytirishni ishlar yakunlangandan keyin Markazning xulosasini taqdim etish sharti bilan amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Biroq soliq to‘lovchi 2020 yil 1 fevralgacha Markazning xulosasini olmagan taqdirda, imtiyoz bekor qilinadi va soliq to‘lovchi u qo‘llangan davrlar uchun aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etishi kerak bo‘ladi. Soliq solinadigan bazaning 100 mln so‘mgacha kamayishi, bir martalik yoki qismlarga bo‘lingan holda, 2020 yil 1 yanvargacha amalga oshiriladi.

2 — soliq solinadigan bazani har yili 2025 yil 1 yanvarga qadar sanitariya qoidalari, me’yorlari va gigiyena normativlariga muvofiq keladigan zamonaviy sanitariya-gigiyena tarmoqlarini, turizm infratuzilmasi ob’ektlarini saqlashga yo‘naltirilgan xarajatlar summasiga — 12 mln so‘mgacha kamaytirish.

Ushbu imtiyoz soliq to‘lovchi Markazning xulosasini olganidan keyin taqdim etiladi. Soliq solinadigan bazaning 12 mln so‘mgacha kamayishi 2025 yil 1 yanvargacha har yili amalga oshiriladi.

Soliq solinadigan bazaning kamaytirilishi yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, yagona soliq to‘lovi hamda bozorlar daromadlari bo‘yicha amalga oshiriladi.