Bosh vazir o‘rinbosari Suxrob Xolmurodov O‘zbekiston-Hindiston hukumatlararo komissiyasining 11-majlisi ochilishida so‘zga chiqar ekan, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi savdo aylanmasini kengaytirish imkoniyatlarini sanab o‘tdi.

«So‘nggi besh yil ichida o‘zaro savdo aylanmasi ko‘rsatkichi sezilarli — qariyb ikki barobarga ortganiga qaramasdan, tan olish joizki, joriy savdo aylanmasi hajmi ikki davlatning iqtisodiy salohiyati va imkoniyatlariga javob bermaydi», — dedi u.

2017 yil yakunlari bo‘yicha savdo aylanmasi 323,6 mln dollarni tashkil etdi. Uning 32,5 mln dollari eksport va 291,1 mln dollari importdan iborat.

«O‘zbekiston korxonalari Hindistonga uran konsentrati, rangli va nodir medallar kabi strategik tovarlar, shuningdek kabel-o‘tkazgich mahsulotlari, polietilen va polipropilen, kimyoviy mahsulotlar, mineral o‘g‘itlar va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berishga tayyor», — dedi Suxrob Xolmurodov.

U tomonlarda savdo aylanmasini bir necha barobarga oshirish, uning yaqin istiqbolda 1 mlrd dollarga yetkazish uchun zarur shart-sharoit va zaxiralar borligiga ishonch bildirdi.