Bosh prokuror Otabek Murodov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirokida Koreya Respublikasining ayrim huquqni muhofaza qiluvchi organlarida qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Adliya vazirligida adliya vaziri o‘rinbosari Kim O Su bilan o‘tkazilgan uchrashuvda huquqiy sohadagi kelgusidagi hamkorlik va ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Adliya vazirligi vakillariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-xuquq islohotlari, nisbatan qisqa davr ichida erishilgan jiddiy yutuqlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Koreya tarafi O‘zbekistondagi yangilanishlarga ijobiy baho berib, Koreya Respublikasi Adliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi oldiga qo‘yilgan umumiy vazifalarni inobatga olgan holda o‘zaro xamkorlikni mustahkamlash zarurati va bunga qat’iy hozirlik ifoda etildi.

Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolik huquqi Komissiyasi raisi (Pak Un Jon xonim), Advokatlar assotsiatsiyasi raisi (janob Xyun Kim) va Koreya Respublikasi Bosh prokurori (janob Mun Mu Il) bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Muhokamalar natijasida 2019−2020 yillarga mo‘ljallangan Koreya Oliy prokuraturasi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi o‘rtasidagi hamkorlik Dasturi imzolanishiga erishildi.

Bundan tashqari, tashrif davomida O‘zbek-koreys biznes markazida Bosh prokuror O.Murodov ishtirokida potensial investorlar bilan brifing o‘tkazildi.